Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan ekologiyani asrashga targ‘ib qiluvchi bannerlar o‘rnatilmoqda
27.
01. 2020
17:52
5320
Yangiliklar

Sohada olib borilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joylarda sanitar va ekologik holat yomonlashuviga chiqindilarni maydonlar, ko‘chalar, sug‘orish tarmoqlari ichiga, suvi muhofaza qilinadigan zonalar, daryo bo‘ylariga, aholining madaniy-maishiy dam olish hududlariga tashlanayotgani sabab bo‘lmoqda.

2020 yil 15 yanvar kuni «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurortida Xalqaro press-klubning aynan yuqoridagi masalalarga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tgandi. Unda – ommaviy dam olish maskanlaridagi tartibsiz holat, chiqindilarni belgilanganidan boshqa joylarga tashlab ketilishi holatlari tanqid qilingan edi. Shuningdek, yo‘llarda ekologiyani asrashga targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmali bannerlarning yo‘qligi ham ta’kidlandi. 

Xalqaro press-klub sessiyasida alohida ta’kidlab o‘tilgan ekologik bannerlar borasidagi fikrlar tezda o‘z samarasini berdi. 

Joriy yilning 23 yanvaridan boshlab Davlat ekologiya qo‘mitasi Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish boshqarmasi tomonidan butun respublika bo‘ylab ekologiyani asrashga targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmali bannerlarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. 

Ekologiyani asrashga targ‘ib qiluvchi 8 ta ko‘rgazmali bannerlar Toshkent-Chimyon-Chorvoq avtomobil yo‘nalishi bo‘ylab o‘rnatildi. Bu, albatta quvonarli hol. Zero, bu, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirish, demakdir. Bu kabi e’tiborga molik ishlar butun respublikani qamrab olishi ko‘zda tutilgan.



Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar