O‘zbekiston – Rossiya: Hamkorlikning yangi sahifasi
19.
09. 2019
20:43
5569
Yangiliklar

2019 yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida «Gazprom»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Z.Avezov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov, rais o‘rinbosari H.Husanov, «Termokimik Corporation» kompaniyasining rasmiy vakili O.Tarasov, «Gazprom»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Z.Avezov va har ikki tomon mutaxassislari ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida «Termokimik Corporation» kompaniyasi faoliyati hamda Davlat ekologiya qo‘mitasining asosiy vazifalari va funktsiyalari haqida so‘z bordi.

So‘ngra, Davlat ekologiya qo‘mitasi «Gazprom»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda «Termokimik Corporation» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, shuningdek, mazkur kompaniyaning moliyalashtirishi asnosida chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilish va saralash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yurtimizda chiqindilarni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish zavodini barpo etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Bugungi kunda «Termokimik Corporation» kompaniyasi chiqindilarni qayta ishlash, ularni yoqishga mo‘ljallangan IES qurish, suvni filtrlash va tozalash uchun texnologiyalar ishlab chiqarish, oqava suvlar, gazlarni tozalash, kimyoviy ifloslantiruvchi moddalarni filtrlash uskunalarini ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.

Uchrashuv davomida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov mehmonlarni mamlakatimizning investitsiya imkoniyatlari, hukumat tomonidan turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha izchil amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va mazkur yo‘nalishdagi milliy qonunchilik bilan batafsil tanishtirib o‘tdi.

Suhbat asnosida xorij delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar sohasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, chiqindilarni tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va saralash tartibi haqida ham ma’lumotlar berildi. Uchrashuvda respublikada ushbu sohada chiqindi poligonlarini qurish, chiqindi tashish avtomashinalari va boshqa eng oldi maxsus texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha bir qancha loyihalar amalga oshirilayotgani, lekin, shunday bo‘lsa-da, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiyasi uchun texnologiya hamda maxsus texnikalar sotib olishga katta ehtiyoj borligi alohida e’tirof etildi.

O‘z navbatida, O.Tarasov uchrashuv ishtirokchilariga «Termokimik Corporation» kompaniyasi tomonidan Italiya va MDH mamlakatlarida amalga oshirilgan loyihalar haqida so‘zlab berdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv taassurotlarga boy bo‘ldi.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 





Foydali manbalar