O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi raisining Belarus Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish vaziri bilan uchrashuvi
31.
07. 2019
19:12
6540
Yangiliklar

2019 yilning 30 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi raisi Bahrom Qo’chqorovning Belorus Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish vaziri Andrey Xudik bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.

O’zaro anglashuv, konstruktiv va ochiq muhitda o’tgan muzokaralar davomida ikkala tomon atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida olib borilayotgan davlat siyosati, chuqur islohotlar to’g’risida o’zaro fikr almashdilar hamda chiqindilarni kompleks boshqarish, ekologik sertifikatlash, markirovkalash, audit, ekologik ta’lim va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish kabi qator yo’nalishlarda ikki tomonlama o’zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qildilar.

2019 yilning 1 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi hamda Belarus Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish vazirligi o’rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to’g’risidagi Kelishuv imzolanadi. Kelishuvning asosiy maqsadi milliy, mintaqaviy va global darajalardagi ekologik masalalarni hal etish uchun ikkala tomon o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish hisoblanadi.

Tuzilgan Kelishuv doirasida quyidagi yo’nalishlar bo’yicha ikki tomonlama hamkorlik taklif etilmoqda:

– atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida davlat nazoratini takomillashtirish;

– bioxilma-xillikni saqlash, shu jumladan o’simlik va hayvonot dunyosining noyob hamda yo’qolib ketish xavfi ostidan turgan turlarini muhofaza qilish, populyatsiyasini tiklash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish;

– muqobil energiya manbalarini rivojlantirish;

– chiqindilarni kompleks boshqarish, ularni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo’yicha texnologiyalarni joriy etish;

– atrof-muhit monitoringi;

– atmosfera havosini muhofaza qilish, suv resurslarining ifloslanishini oldini olish, resurs tejaydigan texnologiyalarni tatbiq etish;

– ekologik targ’ibot, ekologik talofat zonalarida atrof-muhit holatini yaxshilash.

Kelishuvni imzolash va kelgusida uni amalga oshirish nafaqat munosabatlarni mustahkamlashga, balki O’zbekiston Respublikasi va Belorus Respublikasi o’rtasida ikki tomonlama hamkorlik uchun xalqaro huquqiy bazani shakllantirishga xizmat qiladi.

Foydali manbalar