U... U bilan kuniga kamida ikki marta uchrashar edim...
28.
10. 2020
21:29
4796
Yangiliklar

U har qanday holatda - quyosh charaqlab turganda ham, havo tundligida ham birdek go‘zal, nafosatli dilbar edi.

U yon-atrofidagilariga sira-sira o‘xshamasdi. Chehrasida har qanday ko‘z qarashini rom qilguvchi maftunkorona mastonalik ustivor edi.

Necha asrki, jahon san’atsevarlarini lol qoldirib kelayotan ulug‘ musavvir Kamoliddin Behzod bobomizning xayoliy miniatyuralarining tabiiy chizgilari mujassam edi, noziknihol jussasida!

... U bilan kuniga kamida ikki marta diydorlashar edim. Yozda ham, kuzda ham, qishda-yu bahorda ham.

Har faslda-da ajib husn sohibasi edi, U!

Kuzakda oltinrang harir libosidan durlar sochilib tursa, ko‘klam boshiga yashil durra tortar, yoz ostonasida esa shoda-shoda sochpopuklar taqar edi.

Ha, har mavsumni tantanavor qarshi olguvchi edi, U!

Har uchrashganda xayolan so‘rar edim: “Sen nega xomushsan, ey go‘zal?”.

Va eshitgandek bo‘lar edim: “Bugun ko‘rishdik, ertaga yana diydorlashamizmi, yo‘qmi...”

O‘sha “ertaga”lardan birida, bu javobi zamirida naqadar katta xavotiri boligini angladim...

U joyida yo‘q edi!

Qurilayotgan ko‘cha va unga yondosh yo‘lakning chetida bezarar va beozor tursa-da, Uni ortiqcha deb hisoblashgandi. Afsus, ming afsuski,bunday xulosaga kelganlar orasida Uning takrorlamas go‘zalligini his qiladigan haloskori yo‘q edi. Uni sevuvchi va har gal uning jamolidan allaqanday his-tuyg‘ularni qalbimga jo qilib, goh janub, goh shimol tarafga o‘tguvchi MEN esa kechikkandim...

Ayni o‘sha “MEN” va “SEN”larning befarqligimiz va loqaydligimiz tufayli bir go‘zallik timsoli - “U” yo‘q bo‘lgan edi.

Ha ul xurliqo, ul husni betakrorni garchi til qoidalariga zid bo‘lsa-da U deb talqin qildik. Sezgandirsiz, aslida U bir daraxt edi. Daraxtki, siz, biz, ular –hammamizdek, tamoyili obodlik, ko‘rkamlik, yaratuvchilik bo‘lgan hayotni sevguvchi jonli vujud- nabotot olamining oddiy bir vakili edi.

... Oradan yigirma yil o‘tayotgan bo‘lsa-da Uni hech ham unutolmayman. Bir vaqtlar zeb berib turgan manzilidan o‘tar ekanman, minnatdorona xotiralarim bilan Uni esga olib qo‘yaman... Va beihtiyor meni maftun qilgan malohatini boshqa daraxtlardan izlayman.

Ammo afsuski, topolmayman...

Ahmadali ShERNAZAROV

Manba: https://telegra.ph/sv-10-13-7

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar