O‘zbekiston yosh olimlari Yaponiyaning Tottori universitetiga ilmiy stajirovkaga yuboriladi
21.
09. 2020
11:40
5158
Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Yaponiyaning Tottori universitetining takliflariga asosan o‘tkazilgan maqsadli tanlov natijalariga ko‘ra 10 nafar yosh olim g‘olib sifatida tanlab olindi.

Tanlov jarayonining shaffofligi va sifatini ta’minlash maqsadida vazirlik huzuridagi Ekspert guruhi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan qo‘shimcha ekspertlar jalb etildi. Vazirlik va idoralardan tegishli tartibda taqdim etilgan 32 nafar nomzodlar va ular to‘g‘risidagi ma’lumot (hujjat)lar hamda nomzodlarning ilmiy stajirovka taqdimolari himoyasi chuqur tahlil qilindi.

O‘z navbatida, maqsadli tanlov shartlari va talablari hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risida tegishli vazirlik va idoralarga batafsil ma’lumotlar berildi. Bunda, respublikamizdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda nomzodlarning taqdimot himoyalari “Zoom” platformasida onlayn formatda videomuloqot shaklida tashkil etildi.

Maqsadli tanlov saralash jarayoni yakunlari bo‘yicha quyidagi natijalar qayd etildi: o‘simliklar, ekinlarni yaxshilash va ekotizimini tiklash yo‘nalishi bo‘yicha 2 nafar; yaylovlar, yaylovlar ekologiyasi va chorvachilikni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha 2 nafar; amaliy meteorologiya, iqlimshunoslik va masofadan zondlash yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafar; tuproq ekologiyasi va yer resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafar jami 10 nafar nomzod Maqsadli tanlov g‘oliblari sifatida ma’qullandi. 22 nafar nomzod Ekspert guruhi xulosasiga asosan rad etildi.

Shu munosabat bilan, Vazirlik rahbariyati saralash tanlovlarni yuqori saviyada o‘tkazishga hissa qo‘shgan hamda faol ishtirok etganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan Salimjon Bo‘rievga, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazidan Baxtiyor Xolmatjonovga va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan Otabek Xo‘jaeva chuqur minnatdorchilik bildiradi.

Hozirgi kunda, Vazirlik tomonidan 2020 yilning 30 sentyabriga qadar yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini o‘zlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida tanlov e’lon qilingan.

Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tartib va talablar bilan Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-sahifasi www.mininnovation.uz dan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun: Ilmiy stajirovkalarni tashkillashtirish va ilmiy laboratoriya uskunalarini xarid qilish:
bo‘limi boshlig‘i Sarvarbek Taxirov, telefon: (90) 989 24 05,
elektron manzil: S.takhirov@minninovation.uz,
bosh mutaxassis Toirjon Kabashev, telefon: (93) 180 69 29,
elektron manzil: toir1981@mail.ru, va
etakchi mutaxassis Muxsinbek Jo‘rabekov, telefon: (90) 175 95 25,
elektron manzil: m.jurabekov@mininnovation.uz

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Foydali manbalar