Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Bioxilma-xillikni asrash – hayotiy zarurat

Bioxilma-xillikni asrash – hayotiy zarurat

2018-yilning 1-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan noqonuniy daraxt kesilish holatlarining oldini olish borasidagi masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Toshkent shahar hokimiyati, Toshkent shahar IIB, Fanlar Akademiyasi hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Anjuman ishtirokchilarga tizimda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan tadbirlar to‘g‘risida, xususan noqonuniy daraxt kesilish holatlarining oldini olish borasida axborot berildi.

Qayd etildiki, respublikada o‘simlik dunyosi obyektlari 4 500 turdan, hayvonot dunyosi – 15 700 turdan ortiq. Shulardan 324 tur o‘simlik va 184 tur hayvonot dunyosi obyektlari O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.

Bugungi kunda respublikada yuridik maqomga ega bo‘lgan jami 13 ta (1.5 mln. ga) muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mavjud, bulardan 3 tasi Qo‘mitaga, 8 tasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga va 1 tasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga qarashli.

O‘simlik dunyosining 591 ta turidan 341 tasi (60,57%), hayvonot dunyosining barcha 250 ta turi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning 464 ta ob’ektidan 326 tasining (84,9%) geobazasi 1:200 000 masshtabda xarita ma’lumotlari davlat kadastri yagona tizimiga kiritildi, ularning ArcGIS elektron dasturiy ta’minoti tatbiq qilinmoqda.

 Qo‘mita tomonidan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha yil boshidan jami 2345 ta nazorat tadbirlari olib borilgan bo‘lib, 2962 ta (yoki 2017 yilning shu davriga nisbatan 817 ta ko‘p) qonun buzilishi holatlari aniqlangan. SHulardan o‘simlik dunyosi bo‘yicha – 2023 ta; ovchilik qoidalarining buzilishi holati bo‘yicha – 264 ta; baliq ovlash bo‘yicha – 675 ta.

Aniqlangan 2716 holatlar bo‘yicha 385 mln so‘m jarima qo‘llanilgan, qolgan holatlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘rnatilgan taribda ko‘rib chiqish va chora ko‘rish uchun taqdim etilgan. SHuningdek, atrof-muhitga etkazilgan zarar 3,76 mlrd.so‘m miqdorida hisoblangan, shundan 576,3 mln.so‘m undirilgan.

Tadbirda ta’kidlanganidek, fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari, takliflari o‘rganilib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimiyati o‘rtasida “Toshkent shahri hududidagi manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarining oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlash qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror imzolandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda amaldagi qonunchilik qayta ko‘rib chiqilib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun belgilanadigan da’vo summalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun to‘lov summalari miqdorlarini xalqaro mezonlardan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishlari qarorlari qabul qilinganligi qayd etildi.

Xususan,  O‘zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonunining ijrosini ta’minlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda fuqarolarning rekreatsiya, ekologik va boshqa turdagi turizmlarga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bo‘lishni tartibga solishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 13-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bo‘lish uchun to‘lov har bir tashrif buyuruvchi uchun sutkasiga eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq va tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 255-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga, o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi.

Hozirda Qo‘mita tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining davlat hisobi va monitoringini yuritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga tadbir davomida bugungi kunda biologik xilma-xillikni muhofaza qiliish borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mazkur yo‘nalishda “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi, “Asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq joylari to‘g‘risida”gi, “Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risida”gi, “Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyalarga qo‘shilgan.

Bugungi kunda ushbu konvensiyalar vazifalarini amalga oshirish yuzasidan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalar bajarilmoqda. Xususan, hozirda  O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘armaning “Biologik xilma-xillikning global muhim turlari uchun asosiy tog‘ hududlarida tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmon ho‘jaligi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Tadbirda, hozirgi kunda mazkur loyiha doirasida qor qoploni va u yashaydigan hududlarni muhofaza qilish sohasida transchegaraviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni mustahkamlash bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston kabi qo‘shni davlatlar tegishli vazirliklari bilan muzokaralar olib borilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

 


2018-08-01

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika