Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Deputatlar Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining axborotini eshitdilar

Deputatlar Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining axborotini eshitdilar

27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining «O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturining ijro etilish holati to‘g‘risida»gi axborotini eshitdilar.

Axborotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofaza qilish Harakatlar dasturi» atrof-muhit holatining kafolatlangan sifatli darajasiga erishish borasidagi chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatdan foydalanish boshqaruvini takomillashtirish va samarali iqtisodiy usullarini tatbiq qilish, atrof-muhit ustuvorligini hisobga olgan holda, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ekologik bilimlarni keng targ‘ib qilishga, shuningdek ekologik madaniyatni oshirishga yordam beradigan shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir.

Dasturda ko‘zda tutilgan 78 ta tadbirning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari Qo‘mitaga yuklatilgan bo‘lib, uni amalga oshirilishi bo‘yicha beshta asosiy yo‘nalish belgilab olingan.

Axborotda keltirib o‘tilganidek, Dastur ijrosi doirasida o‘tgan yillar davomida 303,404 mlrd.so‘m, 808,529 mln.AQSH dollari, 139,0 ming evro hamda 15,0 ming Shveysariya franki miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirildi.

Bunda aholi va davlat uchun yashash muhiti va ekologik xavfsizlik darajasining kafolatlangan va qulay sharoitlarini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini ekologizatsiyalashtirish, texnologik jarayonlar va tabiatni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish, atrof-muhitni ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olish hamda atrof tabiiy muhit muhofazasi va tabiatdan foydalanish, ekologik ta’lim va barqaror rivojlanish maqsadlaridagi ta’lim sohasida tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini va me’yoriy-uslubiy bazani rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish va tabiiy muhitning transchegaraviy ifloslanishining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham qo‘mitaning diqqat markazida bo‘lgan.

Xususan, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon-meliorativ tadbirlarini amalga oshirish orqali Orolbo‘yini ekologik sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish doirasida 90 ming gektar maydonda o‘rmon – meliorativ tadbirlari amalga oshirilgan. 2013–2017 yillarda jami 626 ming 964 tonna kul-toshqol chiqindilari ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanilgan holda zararsizlantirilib, undan respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish faoliyatini olib boruvchi 24 ta tadbirkorlik subyekti mahsulot ishlab chiqarishda qo‘shimcha sifatida foydalanmoqda.

Dasturga asosan ekologik normalashtirish tizimini soddalashtirish va tartibga solishni nazarda tutuvchi, «Ekologik me’yorlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibi to‘g‘risidagi Nizom» hamda «Suvga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom» ishlab chiqilib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan.

Tabiatni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish va tabiiy muhitning transchegaraviy ifloslanishining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tahrirdagi Bioxilmaxillik bo‘yicha 2018–2027 yillar uchun Milliy Strategiya va Harakatlar Rejasi (BXMSHR) ishlab chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 3 ta Xalqaro Konvensiyaga qo‘shilishi tahlil etilib, tegishli xulosalar tayyorlangan.

Shu bilan birga, axborotda Dasturni amalga oshirish davomida yo‘l quyilgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jizzax, Urganch, Xiva, Pitnak, Chirchiq, Nukus, Taxiyatosh, Guliston, Shirin va Yangier shaharlaridagi oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari kechiktirilayotgan bo‘lsa, Andijon shahar suv tozalash inshooti foydalanishga topshirilmagan.

 Dasturdagi 6 ta tadbir bajarilishida oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining tozalash inshootlarini qayta ta’mirlash, Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i tarkibidagi yadro sifatida Pskom qo‘riqxonasini rivojlantirish, 450 MVt. quvvatli ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish orqali «Navoiy IES» OAJni kengaytirish, «Sho‘rtanneftgaz» USHK obyektlarida yo‘ldosh gazlarni degazatsiyalash va utillashtirish qurilmasini qurish, Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodi agregatlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish hamda «O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi»ning navbatdagi ikkita jildini chop etish kabi tadbirlar nihoyasiga yetkazilmay qolmoqda.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar Dasturda ijro etilmagan bandlarning bajarilishi sifatini hamda ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar va moddiy resurslarning o‘zlashtirilishini tanqidiy tahlil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlab o‘tdilar.

Eshituv yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi. 


2018-07-28

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika