Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Tadbirkor bosh qo‘shsa, tashabbus ko'payadi

Tadbirkor bosh qo‘shsa, tashabbus ko'payadi

Kuni kecha Prezidentimizning  “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Bu bejiz emas, albatta. Negaki, texnika va texnologiyaning shiddat bilan rivojlanib borayotgani tabiiy iqlimga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Shu bois bugun yurtimida atrof-muhit muhofazasi masalasi hukumat darajasiga ko‘tarildi.

Albatta, shu kungacha bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “2017–2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida so‘nggi bir yil davomida tizim tubdan isloh qilinmoqda. Respublikada ekologiya va sanitariya muhitini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar boshqarmalari huzurida 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, aholiga yuzta xususiy tadbirkor hamda 9 ta klaster va Toshkent shahrida “Maxsustrans” DUK tomonidan sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Bu – umumiy aholining 52 foizini qamrab olish imkonini bermoqda.

Abonentlarning elektron bazasini shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron tizimini joriy etish maqsadida, “Toza hudud” DUKlarning filiallariga “Billing” tizimi o‘rnatildi hamda elektron raqamli kalitlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan “on-layn” rejimda kuzatish tizimi joriy etilib, 1 ming 174 ta maxsus texnikaga GPS navigatsiya uskunalari o‘rnatildi.

Assenizatsiya avtomashinalarini xarid qilish uchun “SamAvto” zavodidan umumiy qiymati 44,6 mlrd. so‘mlik 141 ta maxsus transportlar xarid qilindi.

Dastur doirasida 304 ta yangi chiqindi to‘plash maydonchalari qurilib, 2 ming 651 ta yangi chiqindi konteynerlari bilan jihozlandi. 97 ta maishiy chiqindi poligoni tartibga keltirildi.

Respublikaning 9 ta viloyat markazlarida (Angren, Buxoro, Guliston, Jizzax, Navoiy, Nukus, Termiz, Urganch, Qarshi) zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish klasterlarini tashkil etish bo‘yicha 9 ta tashabbuskor tadbirkor o‘z faoliyatini boshladi. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan maxsus texnika va uskunalar harid qilish uchun jami 39,2 mln. AQSH dollari miqdorida kredit ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladigan  64 ta texnologik uskunalar va 360 ta maxsus texnikalar keltirildi. Shu asosda 8 ta chiqindilarni qayta ishlash zavodlarining qurilishi yakunlanib, 6 ta saralash uskunasi ishga tushirildi.

Ekologik nazorat doirasida o‘tkazilgan reydlar davomida 4 ming 919 ta aholi yashash punktlarida chiqindilar bilan bog‘liq qonunchilik talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Natijada 10 ming 727 ta holatdagi noqonuniy tashlangan chiqindi uyumlari bartaraf etildi. 6,3 ming tonna to‘kindi maxsus poligonlarga olib chiqildi.

Bu borada qonunchilik talablari buzilganlik holatlari bo‘yicha 100 ta  taqdimnoma va 5 ming 825 ta ogohlantirish berildi. 2 ming 323 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi va 492,9 mln. so‘m miqdorida jarimalar rasmiylashtirildi.

Albatta, bu boradagi sa’y-harakatlar keng qamrovli. Biroq, Prezidentimiz qarorida qayd etilganidek mazkur tadbirlar bugungi kun talabiga javob bermayapti. Endilikda bu boradagi xizmatlar sifatini yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Hatto qayta ishlash texnikalarini mamlakatga olib kirishda bojxona to‘lovlarida imtiyozlar beriladi. Ayniqsa, bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan polietilen mahsulotlar, xususan, paketlardan foydalanishni iloji boricha qisqartirish maqsadida ularni bepul tarqatishga yoki mahsulot narxiga qo‘shib hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chiqindilarni yig‘ish, saralash va tasarruf etish ishlariga tadbirkorlar keng jalb etiladi. Eng muhimi, ular tanlov asosida saralab olinadi va hududlarga biriktiriladi. Chiqindilarni qayta ishlash korxonalari ko‘paytiriladi. Bundan tashqari foydalanilgandan so‘ng yo‘q qilish imkoni bo‘lgan xo‘jalik jihozlarini ishlab chiqarish kengaytiriladi. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlariga javobgarlik ham kuchaytiriladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning ushbu qarori mamlakatimizda ekologik muvozanatni barqarorlashtirish, atrof-muhit muhofazasi borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

 

Oybek ADHAMJANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish davlat qo‘mitasi

raisining birinchi o‘rinbosari


2018-05-24

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika