Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > OROL DENGIZI IZIDAN....

OROL DENGIZI IZIDAN....

(Birinchi maqola)

Ustyurt platosi va tarixiy Ipak yo‘li

O‘zbekiston  2016-yildan amalga oshirilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ilgari surilgan 17 barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) 16 tasiga qo‘shildi, xolos.  “Dengiz ekotizimlarini asrash” deb nomlangan 14 – maqsadga qo‘yilishdan foydasi yo‘q, deb hisoblandi. Chunki Markaziy Osiyo respublikalari, xususan O‘zbekistonning iqlimini mo‘tadillashtirilib,  minglab odamlar, hayvon va o‘simliklarga jon baxshida etib turgan Orol dengizi  insonlar xotirasida o‘tmishga aylandi. Markaziy Osiyoning Mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «UzWaterAware» loyihasi doirasida  O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, “O‘zgidromet” mutaxassislari, jurnalistlar ishtirokida Orolbo‘yi hududlari va Orol dengiziga mediatur tashkil etildi. Maqsad, Orol dengizi fojiasini nafaqat yana bir marotaba odamlarga eslatish, balki bugungi kunda suvsizlikning qiyin sharoitlarida Orolbo‘yi aholisining turmush sharoiti, aholi farovonligini oshirishda amalga oshirilyotgan islohatlar bilan tanishdir ham edi.

Qoraqalpog‘iston diyoriga ko‘p marotaba borgan bo‘lsamda Orolni ko‘rish bolaligimdanoq orzuim edi. Nukusga kechki reys bilan uchib kelib, qoraqalpoq xalqining milliy an’analari ruhida bezatilgan “Jipek joli” mehmonhonasiga joylashdik.

- Bu bejiz emas, – dedi MOMEM jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi  mutaxassisi Rezida Erdman, chunki ertaga yo‘limiz aynan tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab o‘tadi.

Haqiqatan ham insonlardan jabr ko‘rib, 200 kilometr ortga chekingan Orol dengiziga yo‘l (agarda uni shunday deb atash mumkin bo‘lsa) Ustyurt kengliklari uzra o‘tgan edi. Arxeolog, tarix fanlari nomzodi Oktabr Duspanov yo‘lboshchiligidagi 12 ta “PRADO”lar yo‘lda uchragan yumronqozig‘u, qushlarni cho‘chitganicha Orol dengizi qirg‘oqlariga intilar ekan, atrofdagi sokinlik, shuvoqning o‘tkir hidi tutgan kenglik saslaridan bundan ming yillar ilgari yashab o‘tgan sak massaget qabilalari ruhi  uyg‘ongandek edi guyo. Ustyurt platosigacha bo‘lgan hudud ham bundan ming yillar ilgari dengiz tubi bo‘lgan. Ammo dengiz chekinishi bilan odamlar boquvchisi bo‘lgan  Orolning ortidan ketishgan. Bu yerlar  Qo‘ng‘irot tumani hududiga tegishli bo‘lgani sababli,  bizni  Qo‘ng‘irot tumani hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Kamalov yo‘lda kutib oldi. Biz jrnalistlar undan  ko‘proq ma’lumot olishga shoshildik.

- Qo‘ng‘irot tumani Qoraqalpog‘iston Respublikasining 46 foiz maydonini, O‘zbekistonning esa 12 foizini tashkil etib, respublikamizningda ham eng katta tumanlardan biridir. Uning maydoni 7 mln.600 ming gektarga ega bo‘lib,  Ustyurt pasttekisligi va bundan 1000 yillar avval mavj urgan sobiq Orol dengizi maydonlarini ham qamrab oladi. Hududda umumiy 41 ming gektardan ortiq maydon sug‘oriladi va, asosan,  400 mln. kubdan ortiq suvdan foydalangan holda paxta, sholi,  sabzavotlar va poliz ekinlari kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan. Qo‘ng‘irotda 126 ming 800 nafardan iborat bo‘lib, turli millat  vakillari yashaydi. Ular Tuyamuin suv omboridan kelayotgan ichimlik suvi  bilan 70 foiz aholi ta’minlangan va axvolni yanada yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Albatta erlar sho‘rxok bo‘lgani uchun suvdan maqsadli oydalanish uchun uni tejovchi texnologilardan oydalanmoqdamiz. Orol dengizi muammosi aholi hayotiga salbi ta’sir ko‘rsatganligi sababli, dengizning suvi qurigan erlarga saksovul ekilmoqda. Ammo gaz muammosi bo‘lganligi sababli, gaz yetmaydigan qishloq joylarda gaz ballonlari yetkazishga harakat qilmoqdamiz. Saksovul  O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgani sababli ularni aholi tomonidan kesib ketilishining oldini olishga harakat qilinmoqda.

Qo‘ng‘irot tumanining eng mashhur qismi Ustyurt pasttekisligiga o‘tganimizda ko‘z oldimizda ajoyib manzara hosil bo‘ldi. Ko‘z ilg‘amas kenglik yashillikka burkangan. Qushlarning chug‘uri, mashinalarni ovozidan cho‘chigan yumronqoziqlar bir pasda inlariga yashirinishadi.

 Oktabr akaning aytishicha, Ustyurt platosi  200 000 km²  maydonga ega bo‘lib,  tekislik   6 mln. 700 yil ilgari  jahon okeani tubida paydo bo‘lgan. Hudud g‘arb va shimol shamollarini kesishgan joyidir. Uning devorlari – chinklarni uzoqdan ko‘rish mumkin. Devorlar turli xil rangga ega – och sariqdan, nim yashil, qo‘ng‘ir tusgacha.  Aynan ularning nuragan joylari xuddi o‘zga sayyoraga o‘xshab kanonlarni hosil qilgan.

Massaget, sarmatlarning qabrlari va qadimiy mayoq

Ustyurt pasttekisligi doimo odamlar bilan gavjum bo‘lgan. Hozirda pasttekislikda 1000 dan ortiq turli davrlarga tegishli bo‘lgan qabrlar, mayoq  va  neolit davriga tegishli 60 ta turargoh qoldiqlarini ko‘ramiz. Ko‘hna Ipak yo‘li ham aynan shu yerdan o‘tgan. Ustyurtda  Beliuli karvon saroyining arkasi, devorlari 4 m. Balandlikkacha bo‘lgan Alan qal’a qoldiqlarini ham ko‘rish mumkin. 1983 yilda G‘arbiy Ustyurtga uyushtirilgan ekspeditsiya jarayonida Bayte qadimiy majmua nomini olgan yodgorliklar topilgan. Ular  asosan daxo-massagetlarning qabrlari bo‘lib, 30 foizigina o‘rganilgan. Hanuz tildan tilga ko‘chib yuruvchi afsonalarda bu erlarda hayot kechirgan qabilalar, ularning qahramonlarcha o‘z ona tuproqlarini dushmandan himoya qilganliklari hikoya qilinadi. Ana shulardan biri Qumar onaliq afsonasidir....

...Qumar onaliq o‘g‘li Ernazarbiy va uning xotinini jangga kuzatar ekan, omon qaytishini tilab, ajdodlar ruhini qo‘llab quvvatlashga chaqirdi. Ammo jang birdaniga tugadi, chunki uning yaqin do‘sti Ernazarbeyga orqadan turib o‘q uzgan edi. Sardorlarining otdan qulaganini ko‘rgan jangchilar sarosimaga tushishdi va birozdan so‘ng dushman ularni mahv etdi. Dushman xoni Qumar onaliqning go‘zalligi, donoligini eshitgan edi. O‘zining oldida yuziga tik qarab turgan, sochlariga oq aralab, ko‘zlari, peshonasiga hayot chiziq tortgan bu ayolning yuziga tikilar ekan, uni mot qilmoqchi bo‘ldi:

- O‘g‘lingiz Ernazarbiy  afsus jangda g‘alaba qozona olmadi, ammo men sizning jasurligingiz, go‘zalligingiz haqida ko‘p eshitgan edim. Haqiqatdan ham go‘zal ekansiz, ammo sizni dono ham deyishadi. Shu sababli sizga juda ham yoqadigan bir sovg‘a qilmoqchiman.

Xonning imosi bilan mulozimlar usti zarhal naqshli shoyi ro‘mol yopilgan patnisni olib kelishdi. Xon ro‘molni olib,  patnisni Qumar onaliq  oldiga surdi. Ona tosh kabi qotgan yuragi bir to‘lqinlansada, ohi tashqariga chiqmadi. Patnisda o‘g‘lining pishirilgan boshi yotardi. Ayol boshidan ro‘molini yechib, avaylab unga o‘g‘lining boshini o‘radida, bo‘ynidagi taspan urug‘idan qilingan marjonni kumush patnisga tashlab, xonga qaradi.

- To‘g‘ri aytdingiz, bu sovg‘a men uchun juda qadrlidir. Ayol  boshini tik tutganicha xon oldidan chiqib ketdi, aytishlaricha keyin uni hech kim ko‘rmagan, ammo hamon tunlari Ustyurt uzra esgan  shamol halok bo‘lgan farzandi dardida kuyib yig‘layotgan ona ohini  uzoq uzoqqa  yoyar ekan...

- Mazkur qabrlar eramizdan IV-III  asrlarga tegishli, ulardagi turli xil belgilar aynan qabrdagi odam qaysi qabilaga tegishli ekanligini bildiradi, – dedi arxeolog O.Duspanov.  Hozirgi kunga kelib mazkur qabilalarni bildiruvchi 180 dan ortiq belgilar to‘plangan. Ustyurt doimo odamlarning yashash joyi bo‘lgan. Odamlar doimo dengiz ortidan ketishgan. Hattoki o‘z hududlarini toshdan qilingan kichik devorlar bilan o‘rab belgilashgan, ko‘rib turganingizdek, mazkur devor qoldiqlari hanuz saqlanib qolgan. Bundan tashqari vertolyotdan qaralganda Ustyurtda g‘aroyib suratlarni ko‘rish mumkin. Suratlar o‘q shaklida bo‘lib, Beyneu va Say-Utes poselkalari o‘rtasida joylashgan. Ammo bu suratlar kimga tegishli ekanligi noma’lum. Aytish joizki, bunday suratlar Perudagi Naska vodiysida topilgan. Ustyurtdagi mazkur suratlarning paydo bo‘lishi xususida ko‘plab fikrlar mavjud. Ulardan biri qadimda mollarning qo’ralari yoki irrigatsion qurilmalar bo‘lishi mumkinligidir.

Ustyurt platosida e’tiborimizni tortgan yana bir tarixiy yodgorlik – bu qadimiy mayoq qoldiqlaridir. Mayoq V-VI asrlarda qurilgan bo‘lib, dengizga baliq ovlagani ketgan kemalarga yo‘l ko‘rsatib turgan. Uning bugungi kungacha saqlanib qolgan qoldiqlari hanuz ulug‘vorligini saqlab, allaqachon Orolqumga aylangan dengiz tubida adashganlarni chorlaydi go’yo.

 

(Davomi bor)

 

Nargis QOSIMOVA,

Toshkent–Nukus


2018-05-24

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika