Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Yer osti boyliklari qonun himoyasida

Yer osti boyliklari qonun himoyasida

Yer osti qazilma boyliklarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, daryo va soylar o‘zanlaridan qum-shag‘al materillarini noqonuniy qazib olishning oldini olish – atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining qator moddalariga, shu jumladan, yer osti boyliklarini muhofaza qilish, daryo va soylar o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish sohasidagi qonunbuzilishlarga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Namangan viloyati Ekologiya va atrof-muhitnni muhofaza qilish boshqarmasi suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i A.Aliqulov bilan suhbat aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

– O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ning (MJtK) bir qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kodeksga kiritilgan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunbuzilishlarga nisbatan ham ta’luqlidir. Shular haqida to‘xtalsangiz.

– Haqiqatdan ham yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining MJtKning 70-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Ushbu moddada yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish sohasidagi qonunbuzilish holatlari ko‘zda tutilgan.

– Yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida sodir etiladigan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha MJtKga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?

– Yer osti boyliklaridan foydalanishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan tartib va qoidalarga rioya etmaganlik uchun MJtKning 70-moddasi:

I-qismining sanksiyasidagi (Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini tabiatni muhofaza qilish va kon nazorati organlari bilan kelishmay turib ishga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish talablari va tartibini buzish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalarini va tabiiy muhitni, binolar va inshootlarni yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarning zararli ta’siridan muhofaza qilish talablarini bajarmaslik, yer osti suvlari rejimini kuzatish uchun qazilgan quduqlarni, marksheyderlik va geologik belgilarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish, xuddi shuningdek yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar tomonidan umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarining buzilishi) –

fuqarolarga eng kam ish haqining “1 baravaridan 2 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 3  baravaridan 5 baravarigacha degan so‘zlar fuqarolarga eng kam ish haqining “10 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 30 baravaridan 50 baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtirildi;

II-qismining sanksiyasidagi (Konlarning boy uchastkalarini tanlab ishlatish, mineral xom ashyoni qazib olayotganda va qayta ishlashda foydali qazilmalarni normativdan ortiq nobud qilish, foydali qazilma konlarini yaroqsiz holga keltirish va foydali qazilma zaxiralaridan oqilona foydalanish talablarini boshqacha tarzda buzish) –

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining “1 baravaridan 3 baravarigacha” degan so‘zlar “10 baravaridan 30 baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtirildi;

III-qismining sanksiyasidagi (Marksheyderlik hujjatlarini yo‘qotish, tugatilayotgan yoki konservatsiya qilinayotgan konlarni va burg‘ilangan quduqlarni aholining xavfsizligini ta’minlovchi holatga keltirib qo‘yish talablarini, shuningdek konservatsiya vaqtida konlarni, qazilayotgan joylarni va burg‘ilangan quduqlarni muhofaza etish talablarini bajarmaslik) –

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining “1 baravaridan 3 baravarigacha” degan so‘zlar “10 baravaridan 30 baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtirildi;

IV-qismining sanksiyasidagi (Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa) -

fuqarolarga eng kam ish haqining “1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 3 baravaridan 7 baravarigacha” degan so‘zlar fuqarolarga eng kam ish haqining “20 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 50 baravaridan 100 baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtirildi.

– O‘zbekiston Respublikasining yuqorida ta’kidlab o‘tilgan O‘RQ-476-sonli qonuni bilan MJtKga qo‘shimchalar ham kiritildi. Jumladan mazkur kodeks 701-modda (Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish) bilan to‘ldirildi. Ma’muriy Kodeksga ushbu yangi moddaning kiritilishiga nima asos bo‘ldi?

– Ma’lumki, keyingi yillarda daryolar, soylar, magistral kanallar va boshqa ochiq suv havzalarini o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari mahalliy hokimliklarning yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlari va bir qator nazorat organlarining texnik shartlari asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilar edi.

Lekin bunda, xo‘jalik yurituvchi subyektlar asosiy e’tiborni belgilangan tartibda daryo yoki soylarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlariga emas, balki ko‘proq qum-shag‘al noruda materiallarini qazib olish va uni qurilish va boshqa maqsadlar uchun sarflashga qaratar edilar.

O‘z navbatida qum-shag‘al qazib olishning bunday usuli, aksariyat hollarda ochiq suv havzalari suvlarining hamda shu hududdagi yer osti suvlarining ifloslanishi, dambalarning buzilishi, qirg‘oq mintaqalardagi o‘simlik dunyosining, shu jumladan daraxtlarning shikastlanishi, ochiq suv havzasi akvatoriyasidagi hayvonot dunyosining nobud bo‘lishi, qirg‘oqdagi sug‘orish tizimlari va gidrotexnika obyektlarining buzilishi xavfini keltirib chiqarib, sel oqimlari va suv toshqinlari bilan bog‘liq favqulotda holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini pasayishiga olib kelar edi.

Nazorat organlarining ushbu salbiy holatlarni oldini olish borasida bergan ko‘rsatmalari va ko‘rgan choralari yetarli darajada o‘z samarasini bermas edi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan holatlarga barham berish, mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash, shu jumladan, suv obyektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalari bilan bog‘liq favqulotda hodisalarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3286-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-dekabrdagi “Daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1009-sonli qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, sug‘orish tizimlari va gidrotexnika obyektlarini xavfsiz ishlashini ta’minlash sohasida aniq vazifalar belgilangan.

Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining MJtKga kiritilgan yangi 701-moddasiga muvofiq, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish – fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 30 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining 50 baravaridan 70 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

– Yer osti boyliklaridan foydalanuvchi hamda daryolarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga taklif va istaklaringiz.

– Yuqorida ta’kidlab o‘tilganlardan kelib chiqqan holda, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer osti boyliklaridan foydalanish hamda daryo, soy o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining MJtKga kiritilgan yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olib, qonun talablariga qat’iy rioya qilgan holda ish tashkil etsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi.

  Xulosa qilib aytganda, MJtKga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar shak-shubxasiz noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish, daryo va suv havzalarining o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustaxkamlash ishlarini amalga oshirish, shuningdek, qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olishning atrof-muxitga salbiy ta’sirini bartaraf etish imkonini beradi.    

                                                          

S.Rapiqov,

suhbatlashdi


2018-05-22

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika