Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda samaradorlikni yanada oshirish, ijro intizomini mustahkamlash – eng muhim vazifa

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda samaradorlikni yanada oshirish, ijro intizomini mustahkamlash – eng muhim vazifa

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning
21-aprelidagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilgan edi.
Shu munosabat bilan yaqinda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida bo'lib o'tgan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida Qo‘mitaning o‘tgan bir yillik faoliyati tahlil qilindi hamda kamchilik va muammolarni barataraf etish, ish natijadorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilish kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqishda alohida e’tibor jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari hamda ular tomonidan bildirilgan e’tirozlar asosida Qo‘mita mas’ul rahbar xodimlarning faoliyatiga tanqidiy baho berildi.
Hay’at yig‘ilishida quyidagi asosiy masalalarga alohida urg‘u berildi, jumladan:
1. O‘tgan davrda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida tubdan yangi tizim joriy qilindi. Hususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Tuman (shahar) hokimiyatlarining obodonlashtirish boshqarmalaridan maxsus texnika, chiqindi to‘plash maydonchalari, poligonlar “Toza hudud” korxonalariga o‘tkazildi. Shuningdek, 2017-yilda 129 ta assenizatsiya mashinalari xarid qilindi, 304 chiqindi to‘plash maydonchalari qurilib, 2 651 ta chiqindi konteynerlari bilan jihozlandi hamda 97 ta chiqindi poligonlari tartibga keltirildi.
Ko‘rsatilgan xizmatlar avtomatlashgan hisob-kitobini yuritish, maxsus texnikalar harakatini “on-layn” rejimda kuzatish bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinmoqda.
2016-yilda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan bor yo‘g‘i 1,3 mln. aholi (5%) qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan edi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, bugungi kunda, “Toza hudud” korxonalari tomonidan tuman markazlari va qishloqlarda istiqomat qiluvchi 9,4 mln. aholiga (38%) xizmat ko‘rsatilishiga erishildi. 2018-yilda qo‘shimcha 283 ta maxsus texnika xarid qilinishi natijasida bu ko‘rsatkich 56 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan. Sanitar tozalash xizmatlari bilan 100 foiz aholi qamrab olinishi uchun qo‘shimcha 1 041 ta maxsus texnika xarid qilinishi talab etiladi.
Shuningdek, respublikamizning Angren, Buxoro, Guliston, Jizzax, Navoiy, Nukus, Termiz, Urganch, Qarshi shaharlarida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan ajratilgan qariyb 40 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari evaziga davlat-xususiy sherikchilik asosida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha klasterlarni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda Buxoro shahrida tashkil etilgan klaster to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yig‘ilishda ekologik nazoratni amalga oshirish yuzasidan 4 mingdan ortiq tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 5 mingta noqonuniy chiqindixona bartaraf etilgani e’tirof etildi. Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq qonunchilik talablarini buzgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilib, 371,2 mln.so‘m jarima rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, sohadagi bir qator muammoli masalalar ko‘tarildi. Mahalliy hokimliklar tomonidan “Toza hudud” korxonalaridagi maxsus texnikalarni boshqa yo‘nalish va ishlarga jalb etish holatlari ko‘plab uchramoqda. Oqibatda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvallari buzilmoqda, aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda, “Toza hudud” korxonalari xarajatlari oshib ketmoqda.
1970–1990-yillarda respublikaning ayrim hududlarida tashkil etilgan maishiy chiqindi poligonlarining aksariyati zamon talablariga javob bermaydi. Ushbu poligonlarni tartibga keltirish ishlari sust olib borilmoqda. Ayniqsa, maishiy chiqindi poligonlarining faoliyatini sanitar-gigiyenik talablar asosida tashkil etish, poligonlardagi mavjud va kunlik chiqindilarni tartibga keltirish ishlari uchun maxsus texnikalar yetishmaydi.
Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini to‘la yo‘lga qo‘yish borasida aholi bilan shartnomalarni tuzish va to‘lovlarni undirish bo‘yicha qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni undirish ko‘rsatkichi 52 foizni (Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 22 %, Qashqadaryo viloyatida - 32 %, Farg‘ona viloyatida - 40 %, Namangan viloyatida - 38 %, Samarqand viloyatida - 45 %, Xorazm viloyatida - 46 %, Andijon viloyatida - 48 %) tashkil etib, 14 mlrd. so‘mlik debitor qarzdorlik vujudga kelgan. Bu esa, o‘z navbatida, “Toza hudud” korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga salbiy ta’sir etmoqda. Mazkur masalada mahalliy hokimliklar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetarli darajada amaliy yordam berilmayapti.
Yig‘ilishda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Andijon, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari “Toza hudud” korxonalari rahbarlari o‘z lavozimlaridan ozod qilinganliklari qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi qattiq ogohlantirildi.
Bugungi kunda respublikamizda chiqindilarni qayta ishlash uchun qabul qilish, ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib borilayotgan faoliyat aksariyat hollarda ekologik me’yoriy talablarga mutlaqo javob bermaydi.
Mavjud muammolarni yechish maqsadida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha Qo‘mita tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganligi ta’kidlab o‘tildi.
2. Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan 16 mingdan ziyod atrof-muhitni ifloslantiruvchi manba monitoring qilindi. Bunda me’yorlardan ortiq atrof-muhitni ifloslantiruvchi 694 manba aniqlandi va qariyb 1,5 mlrd so‘m miqdorida to‘lov va jarimalar belgilandi.
Hisobot davrida atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonun talablarini buzganlik uchun 15,1 ming nafar mansabdor shaxs va fuqarolarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgani va 2 245 ta obyektga nisbatan da’volar taqdim etilgani e’tirof etildi.
Daryo o‘zanlarini mustahkamlashga noqonuniy yer ajratish bo‘yicha hokimlarning 300 ta qarori bekor qilindi, 43 ta shaxs bo‘yicha 36 ta material huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi.
3. Qo‘mita tomonidan o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 5 548 nafar huquqbuzar shaxslar ushlanib, ulardan 2 mlrd. so‘mga yaqin jarima va tabiatga yetkazilgan zararlar undirilgan.
O‘tgan davr mobaynida noqonuniy ravishda daraxt kesilishiga oid jismoniy shaxslar tomonidan jami 579 ta murojaatlar kelib tushgan. Bu sohada jami 2 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari fosh etilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 1 mlrd. 380 ming so‘mlik zarar undirilgan.
Yig‘ilishda hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari qoniqarli darajada emasligiga ham urg‘u berildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda amaldagi qonunchilik qayta ko‘rib chiqilib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun belgilanadigan da’vo summalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun to‘lov summalari miqdorlarini xalqaro mezonlardan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgani qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Qo‘mita tizimidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (“Hisor” davlat qo‘riqxonasi, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi) faoliyati ham tanqidiy tahlil qilinib, ularning faoliyatini samarali tashkil etish, o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasini ta’minlash hamda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
4. Hisobot davrida respublika bo‘yicha 32,5 mingta loyiha hujjatlari davlat ekologik ekspertizadan o‘tkazilib, o‘tgan yilga nisbatan 18 foizdan ziyod loyiha ekspertizaga jalb qilindi. Shundan, qariyb 30 mingta loyihaga ijobiy xulosa berildi, 3,4 mingta loyiha qayta ishlab chiqishga yuborildi hamda 20 ta loyiha ekologik norma va talablarga muvofiq kelmaganligi bois, ularni amalga oshirish rad etildi.
Shu bilan birga, xo‘jalik faoliyatini atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida yangi barpo etilayotgan obyektlarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish, ishlab turgan korxonalarni ekologik me’yorlashtirishda barcha hududiy bo‘linmalarda yetarli darajada ishlar tashkil qilinmagan.
Yig‘ilishda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaffoflikni va samaradorlikni ta’minlash maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etgan holda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish jarayonining elektron tizimini qisqa muddatlarda ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
5. O‘tkazilgan xatlov va tahlillarga ko‘ra Qo‘mitaning hududiy bo‘g‘inlari va tarkibidagi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi hozirgi zamon talablariga javob bermaydi. Tuman va shaharlarga biriktirilgan inspektorlar alohida bino va xizmat xonalari, mebel jihozlari, komputerlar, avtotransport vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan. Bioinspeksiyaning mintaqaviy bo‘linmalarida ham avtotransport vositalari, motorli qayiqlar yetishmaydi, inspektorlar maxsus anjomlar bilan ta’minlanmagan. Atrof-muhitni ifloslanishini monitoring qilish analitik laboratoriyalarning asbob-uskunalari aksariyati eskirgan va moslashmagan xonalarda joylashgan. Bu, o‘z navbatida, yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi.
6. Aholining ekologik madaniyatini va bu sohadagi huquqiy savodxonligini oshirish, ekologik ta’lim tizimini shakllantirish, ekologik targ‘ibot ishlarini tashkil etish borasidagi faoliyat sust olib borilayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Bu sohadagi ishlarni jadallashtirish, sifati va samaradorligini oshirish, ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, jamoatchilikni va, ayniqsa, yoshlarni kengroq jalb qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Hay’at yig‘ilishi yakuni bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.


2018-04-24

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika