Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > Atrof-muhit muhofazasiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi

Atrof-muhit muhofazasiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi

2018-yil 27-fevral kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan “Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi Bahrom Qo‘chqorov ochib, ishtirokchilarga Qo‘mita tizimida amalga oshirilgan islohotlar va vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.

Tadbirda Qo‘mita faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi – maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi Qarori bilan 2017–2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tubdan yaxshilash yuzasidan kompleks dastur qabul qilinib, tizimda 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Ushbu unitar korxonalar balansiga 1 ming 372 ta maxsus texnika, 1 mingta chiqindi to‘plash maydonchasi, 5 ming 800 ta konteyner va 172 ta poligon o‘tkazildi.

Barcha “Toza hudud” davlat unitar korxonalarida “Billing” tizimi ishga tushirildi hamda texnikalar harakatini masofadan “onlayn” rejimda kuzatish maqsadida GPS tizimi joriy etish boshlandi.

Shuningdek, qo‘shimcha 305 ta chiqindi to‘plash maydonchasi qurilib, 2 mingdan ziyod konteyner bilan jihozlandi. Respublika bo‘yicha jami 295 ta poligon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning kadastr hujjatlari tuzildi, 97 ta chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Qo‘mita qoshida chiqindilar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Ekologik-sanitariya normalari va qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritib kelayotganligi sababli 3 ta chiqindi poligonining faoliyati to‘xtatildi (Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanida, Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Bo‘stonliq tumanida), 2018-yilda 10 ta poligon faoliyatini to‘xtatish rejalashtirilmoqda (Surxondaryo viloyatining Angor tumani, Termiz tumani va Termiz shahri, Xorazm viloyatining Urganch va Qo‘shko‘pir tumanlari, Andijon viloyatining Paxtaobod, Jizzax viloyatinig Do‘stlik, Zarbdor va Paxtakor, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlarida).

Yirik shaharlarda qattiq maishiy chiqindilarni tashib chiqarish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan 108 ta ixtisoslashtirilgan hususiy korxonalar (shundan 44 tasi Toshkent shahrida) faoliyati samaradorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Ta’kidlandiki, maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida respublikaning 9 ta yirik shaharlarida (Angren, Nukus, Urganch, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Termiz, Jizzax, Guliston) maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasterlari tashkil etildi. Hozirda respublikaning boshqa hududlarida klasterlarini tashkil etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish loyihalari yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Toshkent shahar poligonida chiqindixona gazini qayta ishlab, undan elektr va issiqlik energiyasini olish texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga ushbu yo‘nalish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining 113,4 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari hisobidan (Samarqand shahrida – Fransiya rivojlanish agentligi, Toshkent shahrida – Osiyo taraqqiyot banki) loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu sohada davlat-hususiy sherikchilik tamoyillari asosida, hususiy tadbirkorlik subyektlari ishtrokini kengaytirish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, 2018-yilda “Toza hudud” davlat unitar korxonalari qo‘shimcha 283 ta maxsus texnika bilan ta’minlanadi va buning natijasida aholini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrovi oshiriladi.

Hozirgi kunda Qo‘mita tomonidan O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida davlat siyosati va ustivor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 10 yilga mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.

Anjumanda soha mutaxassislari tomonidan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, ekologik holatni sog‘lomlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 2017-yilda jami 13,9 mingta turg‘un ifloslantiruvchi, shu jumladan atmosferani ifloslantiruvchi – 6 377 ta, suv resurslarini – 5 953 ta, yer resurslari – 1 631 ta manbalar o‘rganilgani alohida e’tirof etildi.

Natijada 415 ta ifloslantiruvchi manbaalarda tashlamalar me’yorlardan oshganligi uchun 43 ta obyektlar va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan 938 mln. so‘m atrofida jarima va qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari belgilandi.

Bugungi kunda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari yiliga o‘rta hisobda 2,6 mln. tonnani tashkil qilib, ularning 49% neft va gaz, 18,6% energetika, 21,5% rangli va qora metallurgiya, qurilish, kimyo sanoati sohalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, 2017-yilda Andijon, Angren, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona, Olmaliq, Bekobod, Chirchiq, Toshkent va Nukus kabi sanoatlashgan shaharlarda havoning chang bilan ifloslanish darajasi sanitar me’yordan o‘rta hisobda 2,7 barobar ortgani kuzatilgan.

Atrof-muhitni ifloslantirish holatlarini oldini olish, bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida joriy yil oxiriga qadar mamlakatdagi ekologik va atrof-muhit holatini baholashning aniq ko‘rsatkichlariga asoslangan, himoyalangan geoinformatsion ma’lumotlar bazasini yaratiladi.

Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga davlat tomonidan noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, ekologik nazorat tizimini takomillashtirish, ichki ekologik nazorat va ekologik audit tizimini keng joriy etish, davlat ekologik ekspertizasini tashkil qilish tartibini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish, kompensatsion to‘lovlar miqdorlarini xalqaro mezonlarga va bugungi kun talablariga moslashtirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish, ularga rioya etishni iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish masalalari yuzasidan takliflar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro tajriba asosida mamlakatdagi real ekologik holatni aniq baholagan holda, O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish Milliy konsepsiyasini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan hududlar tizimini kengaytirish va rivojlantirish sohasida 2017-yilda olib borilgan ekologik nazorat tadbirlar natijasida 4 209 ta qonun talablari buzilishi holatlari aniqlangan. Huquqbuzarlardan 1,48 mlrd. so‘m jarima va da’vo summalari undirilgan.

Brakonyerlardan olib qo‘yilgan, 19 ta itolg‘i lochin qushlari va 601 dona o‘rta osiyo chul toshbaqasi maxsus pitomnikda to‘liq reabilitatsiyadan so‘ng, tabiatga qo‘yib yuborildi.

2017-yilda hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun 919 ta va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish uchun 555 ta ruxsatnomalar rasmiylashtirilib, umumiy eksport xajmi 24,4 mln. AQSH dollarini tashkil qildi.

Hozirgi kunda BMTning O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan “Bioxilma-xillik to‘g‘risida”gi konvensiyasi talablarini bajarish maqsadida Qo‘mita tomonidan Bioxilma-xillikni muhofaza qilish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Anjuman davomida qo‘mita soha mutaxassislari bu yo‘nalishda o‘z oldiga ta’lim mussasalarida ekologik darslarni uyg‘unlashtirish, ekologik nazorat bo‘yicha jamoatchi inspektorlar institutini rivojlantirish hamda jamoatchilik va OAV bilan keng hamkorlik qilish yo‘li bilan ekologik madaniyat va dunyoqarashni oshirish va kengaytirishni maqsad qilganini alohida e’tirof qilishdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha va to‘liq javob olishdi.

 


2018-02-27

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika