Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish uchun ruhsatnomalar berish

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING

QARORI

 OZONNI BUZUVCHI MODDALAR VA TARKIBIDA ULAR BO‘LGAN MAHSULOTLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIGA IMPORTINI TARTIBGA SOLISHNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasida ozonni buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish Milliy dasturi bosqichma-bosqich bajarilmoqda, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, davlat tomonidan tartibga solish ishlari soddalashtirilmoqda.

Xalqaro miqyosda global isishning yuqori salohiyatli muqobil moddalardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlarni maksimal hisobga olgan holda, ozonni buzuvchi moddalarni foydalanishdan chiqarishga qaratilgan qarorlar qabul qilingan. Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli qoidalarida ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish taqiqlangan, protokolni imzolagan taraflar tomonidan bunday tovarlarning o‘z mamlakatlariga olib kirilishiga qat’iy taqiq joriy qilingan.

Ozonni buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish Milliy dasturini amalga oshirishga qaratilgan, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular bo‘lgan mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasiga importi va O‘zbekiston Respublikasidan eksportini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining Tovar nomenklaturasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasiga import va O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilish ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan ozonni buzuvchi moddalar turlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasiga import va O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilish ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

Ozonni buzuvchi moddalarni va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga import qilishga va O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilishga ruxsat berish tartib-tamoyillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

2018-2030 yillar davrida ozonni buzuvchi moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga import qilishga kvotalar 4-ilovaga muvofiq;

Ozonni buzuvchi moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga import qilish uchun kvotalarni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasiga quyidagilarni import qilish taqiqlansin:

ozonni buzuvchi moddalar 6-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha;

1-ilovaning I guruh A ro‘yxatidagi va I guruh S ro‘yxatidagi hamda ushbu qarorning 6-ilovasi ko‘rsatilgan ozonni buzuvchi yoki ularga bog‘liq bo‘lgan moddalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sovutish jihozlari va havoni konditsionerlash uskunalari.

3. Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 avgustdagi 225-son qarori  (O‘zbekiston Respublikasi qarorlari to‘plami, 2013 y., 8-son, 55-modda) bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatining 122-pozitsiyasidagi «olib kirish», «olib chiqish» va «Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi» so‘zlari tegishli ravishda «import», «eksport» hamda «Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi» so‘zlari almashtirilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;

ushbu qarorning maqsadi, mazmuni va amaliy ahamiyatini tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari o‘rtasida keng yoritish bo‘yicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin hamda belgilangan muddatlarda uning amalga oshirilishini ta’minlasin.

6. Ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Qo‘chqorov hamda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.V. Toxiriy zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2018 yil 09 yanvar,

17-son


Foydali manbalar