Hamkorlik istiqbollari muhokama etildi
25.
03. 2023
15:22
2163
Новости

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov va Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyaning Ijrochi kotibi Emi Frankel xonim oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda joriy yil 23-28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilayotgan BMT Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14)ni yuqori saviyada tashkil etish bilan bogʻliq jarayonlar muhokama etilib, mazkur konferensiyaga BMTning ekologiya va atrof-muhit masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkilot va tuzilmalari ishtirokini taʼminlashda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: BMTning yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (Bonn konvensiyasi yoki CМS konvensiyasi) 1979-yilda Bonnda qabul qilingan va 1983-yilda kuchga kirgan. Bu global miqyosda yovvoyi tabiat va hayvonlarning yashash joylarini saqlashga qaratilgan BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (UNEP) doirasida tuzilgan xalqaro shartnomadir.

Oʻzbekiston 1998-yilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib ushbu konvensiyaga qoʻshildi va saygʻoq, qor qoploni, buxoro bugʻusi, arxar, qulon, jayron, flamingo, oq turna (sterx)  va boshqa noyob koʻchib yuruvchi hayvonlar va qushlar turlarini saqlashga katta hissa qoʻshmoqda.

Uchrashuvda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilmaxillikning noyob turlarini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham atroflicha maʼlumot berildi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Полезные ресурсы