Fraktsiya yig‘ilishlari. O‘simlik dunyosi obektlarini saqlashga e’tibor kuchaytiriladi
15.
09. 2020
08:41
121
News

2020 yil 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Resublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraktsiyasining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda yalpi majlisga kiritilishi rejalashtirilayotgan qonun loyihalari, qonun tashabbuskorlari va ishchi guruhlari a’zolari hamda deputatlar ishtirokida har tomonlama va chuqur muhokama qilindi.

Deputatlar mazkur hujjatlarni batafsil tahlil qilgan holda qonun tashabbuskorlari va ishchi guruhlar a’zolariga, qonun loyihalarini keyingi o‘qishlarga tayyorlash jarayonida yanada takomillashtirish va maromiga yetkazish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirishdi.

Jumladan, fraktsiya a’zolari tomonidan birinchi o‘qishga kiritilayotgan asosiy maqsadi – daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni yo‘q qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikning muqarrar ekanligi bilan ogohlantirish bilan bu yo‘nalishda profilaktika ishlarini olib borishdan iborat bo‘lgan «O‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi chuqur muhokama qilindi.

Qonun tashabbuskorlari tomonidan qurilish sur’atlari va hajmining ortishi munosabati bilan daraxtlar va butalarning g‘ayriqonuniy ravishda kesilishi, amaldagi qonun hujjatlarida javobgarlik belgilanmaganlik uchun keyinchalik kesib tashlash maqsadida daraxtlarni kundakov qilish yoki ularni o‘sishdan to‘xtashgacha shikastlantirish, shuningdek, ularni boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish holatlarining oshib borayotganligi alohida qayd etildi. Misol tariqasida 2019 yilda respublika bo‘yicha 3 996 ta daraxtlar noqnuniy kesilgan bo‘lsa, 2020 yilning 1 may holatiga bu ko‘rsatkich 4 758 tani tashkil etayotganligini ta’kidlandi. Bundan tashqari, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni kundakov qilish yoki ko‘chirib o‘tkazishda ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni va ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish kabi jazo turining yo‘qligi sababli, bu boradagi ma’muriy javobgarliklarning soni yuqoriligicha qolayotganligi, shuningdek, joylarda mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlariga foydalanish uchun ajratilgan yoki biriktirilgan daraxtlarni saqlash va muhofaza qilish choralarining ko‘rmayotganligi qonun loyihasini qabul qilishga asosiy sabab bo‘layotganligini qayd etishdi.

Shu munosabat bilan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, jismoniy yoki mansabdor shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etishda javobgarlik doirasini kengaytirish va kuchaytirish, ya’ni jarima sanktsiyalarini oshirish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklar g‘ayriqonuniy kesilishi, kundakov qilinishi, yo‘q qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishining oldini olish ta’minlanadi. Shuningdek, mansabdor va jismoniy shaxslarni sohaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrar ekanligini ta’minlash orqali uning oldini olishga, o‘simlik dunyosi obektlarini saqlashga e’tiborni kuchaytirish bilan huquqbuzarliklarning miqdor jihatdan kamayishiga, o‘simlik dunyosini muhofaza qilishni tartibga solish bo‘yicha turli qonun hujjatlari normalarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlashning imkonini berishini inobatga olgan holda deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Kun tartibidagi barcha masalalar fraktsiya va qo‘mita a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilgach bir ovozdan ma’qullandi va fraktsiyaning tegishli qarori qabul qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/fractions/31959/

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources