Kovrak o‘g‘rilari qo‘lga olindi
22.
07. 2020
12:03
8419
Econadzor

Kovrak ziradoshlar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turi mavjud. O‘rta Osiyoda 110 dan ortiq, mamlakatimizda esa 50 turi uchraydi.

Smola-elim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi. Bular sassiq kovrak, Ko‘histon kovragi va boshqa nomdagi kovraklardir. Bu turlar tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham o‘xshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida L.) keng tarqalgan bo‘lib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi.

Kovrak yelimi tabobatda ba’zi asab kasalliklarida talvasaga qarshi vosita tariqasida, shuningdek, gijja haydaydigan dori sifatida qadimdan ishlatib kelingan. Bronxial astma, sariq kasalligi, ko‘k yo‘tal, sil, zaxmda foydalaniladi. Shuningdek, u diabetga qarshi, qon to‘xtatadigan, o‘t haydaydigan vosita sifatida buyuriladi. Xullas kovrak o‘simligining xalq tabobatida ham zamonaviy tibbiyotda ham qo‘llaniladigan foydali jihatlari bisyor. Shunday bo‘lgach tabiiyki uni izlovchilarning ham, shafqatsizlarcha kovlab olish ilinjida yuruvchilarning ham soni ortishi tayin.

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiyasi davlat inspektorlarining  Dehqonobod tumani Tarqapchig‘ay mahalla fuqarolar yig‘ini Bo‘ztepa qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolarning tabiiy holda o‘suvchi kovrak o‘simliklarini noqonuniy ravishda kavlashi va ularga Dehqonobod Davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma asosida kovrak ekish uchun olgan yerlari tortib olinganligi va boshqa holatlardan norozi bo‘lib qilgan murojaati joyiga chiqib vakolat doirasida tegishlicha o‘rganildi.

Boshqarma tomonidan bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganishlar davomida Bo‘ztepa qishlog‘ining yuqori qismi tog‘li o‘rmon bilan qoplangan o‘rmon xo‘jaligining Oqbosh o‘rmon bo‘limi 6-sarhadida fuqarolar Dehqonobod tumani «Bibiqorasoch» MFY, Qum qishloqda yashovchi I.Sh., «Bo‘ston» MFYda yashovchi A.G‘. va Ayridevor MFYda yashovchi Yu.B.lar «Nargiz-Sarvar» xususiy korxonasi va «Iso Muhammad Nur» MChJ tomonidan kovrak qaziyotgan shaxslarning buyumlariga qorovullik qilayotganini bildirgan.

Ammo «Qorovullar»ning o‘zi ishtirokida qazib olingan barglari kesib tashlangan kovrak o‘simligi sanoqdan o‘tkazilganda 6 ming 202 tup O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Tojik kovrak o‘simliklari ekanligi aniqlangan.

Fuqaro Sh.I. avval ham noqonuniy ravishda kovrak shira smolasini olish bilan shug‘ullanish oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay noqonuniy faoliyatni davom ettirib kelgan.

O‘rganish davomida 5 ta qo‘lbola yasalgan kovrak qazish moslamasi hakop ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, ushbu hudud ya’ni o‘rmon xo‘jaligining Oqbosh o‘rmon bo‘limi 6-sarhadi mahalliy nomi «Cho‘chqabuloq», «Ko‘kkam», «Zog‘zali» massivlarida noqonuniy ravishda kesib, kovlab nobud qilingan Tojik kovrak o‘simliklari sanoqdan o‘tkazilganda 7 ming 857 tup ekanligi aniqlangan.

O‘rganish davomida Bo‘ztepa qishlog‘ida yashovchi P.X.ga Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan 28.12.2015 yildagi amal qilish muddati 28.12.2022 yilgacha bo‘lgan shartnoma asosida kovrak ekib yetishtirayotgan yer maydonida Bibiqorasoch QFYda yashovchi fuqaro G‘.Y. Rashid o‘g‘li noqonuniy ravishda kovrak o‘simliklarini kesib shira smolasi olishga tayyorlayotganligi aniqlanib, 3000 tup Tojik kovrak qazib tashlanganligi holati tegishlicha hujjatlashtirilgan.

Oqbosh o‘rmon bo‘limi 6-sarhadi mahalliy nomi «Ko‘kkam» massivida fuqaro Norpo‘latov Abdumalik bilan o‘rmon xo‘jaligi o‘rtasida kovrak ekib yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzilgan yer maydonida «Pinnacle Worldwide Exim» MChJ tomonidan Tojik kovrak o‘simliklari noqonuniy ravishda kovlab qazib tashlanganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan nazorat reydlar davomida o‘zlarini «Nargiz-Sarvar» xususiy korxonasi va «Iso Muhammad Nur» MChJ ishchisi yoki qorovullari deb tanishtirgan bir guruh shaxslarga takroriy ravishda ogohlantirilsada holat joyidan chiqib ketmagan.

Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Oqbosh o‘rmon bo‘limi jami yer maydoni 15 ming 728 bo‘lib, 6-sarhad 3 ming 414 gektardan 1 ming 784 gektar yer maydoni kovrak ekib yetishtirish uchun Bo‘ztepa qishloq fuqarolari va boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida berilgan.

O‘rmon xo‘jaligining o‘rmon bilan qoplangan yer maydonida noqonuniy ravishda kovrak shira smolasi olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bir guruh shaxslar bu harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50, 55-moddalari, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «O‘rmon to‘g‘risida»gi, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunlarda belgilab qo‘yilgan talablarni qo‘pol ravishda buzgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kovrak o‘simliklarini noqonuniy ravishda, ruxsatnomasiz qazib nobud qilish oqibatida qonunbuzarlar 14 ming 59 tup noyob o‘simlikni payhon qilgan.

Ushbu hatti-harakati bilan jinoyatchilar davlatga, tabiatga hammasi bo‘lib 1 milliard 567 million 578 ming 500 so‘m zarar yetkazgan.

– Tabiatga qilingan bunday shafqatsizlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, – deydi Boshqarma davlat inspektorlaridan biri Sherzod Salomov. – Dehqonobod tumani chegaraoldi hududi Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Oqbosh o‘rmon bo‘limidagi o‘rmon fondi yerlarida 100 dan oshiq fuqarolarning qonuniy tartibdagi shartnomasi asosida kovrak ekib yetishtirish uchun ajratib olgan yer maydonlarida tabiiy holda o‘suvchi kovrak o‘simliklarini shira smolasini olish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanayotgan «Pinnacle World wide Exim» MChJ, «Nargiz-Sarvar» xususiy korxonasi va «Iso Muhammad Nur» MChJ faoliyati bilan bog‘liq holatlarga prokuratura tartibida huquqiy baho berish lozim deb o‘ylayman. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuni 47, 51-moddalariga asosan Davlat mulkiga 1 567 578 500 (bir milliard besh yuz oltmish yetti million besh yuz yetmish sakkiz ming besh yuz) so‘mni qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat foydasiga undirib olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tabiatning bir bo‘lagi bo‘lgan o‘simlik dunyosini qirilib ketishiga sababchi bo‘layotgan va o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan toymaydigan bu kimsalar nahot qilayotgan ishlari kechirib bo‘lmas jinoyat ekanligini anglab yetmasa. Mas’ul tashkilotlar necha bora takror-takror ogohlantirishiga qaramay o‘zining qora niyatidan qaytmaydi. Eh inson, inson. Qilmishga yarasha jazo albatta tayin. Badali to‘langach bu aybi ham kechirilar, ammo ularning bu qilmishlarini ona tabiat kechirarmikan...

O‘.BAROTOV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/kovrak-rilari-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources