Navoiy viloyat Nurota tumanidagi «Chashma» tarixiy–me’moriy majmuasida bo‘lganmisiz?
16.
07. 2020
17:04
7784
News

Yurtimizning boy tarixga ega bo‘lgan Nurota tumani geografik jihatdan O‘zbekistonning markazida joylashgan bo‘lib Nurota tumani shimoliy–sharqdan Jizzax, janubiy-sharq va sharqdan Samarqand viloyatlari, g‘arb va janubiy-g‘arbdan Navoiy viloyatining boshqa tumanlari bilan chegaradoshdir. Shu bilan birga shaharning tarixi ham uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Nurato yoki Nuri Buxoro nomi bilan tarix sahifalaridan o‘rin olgan mazkur tarixiy shahar haqida Abu Bakr Narshaxiy ma’lumot berib, uni Buxoro tarkibidagi tarixiy joy sifatida qayd etadi.

 

Narshaxiy IX-X asrlarda yashab o‘tganligini nazarda tutadigan bo‘lsak va uning bu hudud haqida o‘sha davrda ma’lumotlar yozib qoldirilganligini hisobga olsak, u holda Nurning qadimiyligiga shak-shubha qolmaydi. Me’moriy yodgorliklar asosan Shayboniylar davrining mahsulidir va keyingi davrlarda ya’ni mang‘itlar sulolasi hukmronlik qilgan vaqtda ta’mirlangan. Narshaxiyning yozishicha, Nurda jome’ masjidi va rabotlar bo‘lgan. Ziyoratga keluvchilarning asosiy qismi Buxoro aholisi, shuningdek, boshqa joylardan ham bu yerga ko‘plab kishilar tashrif buyurishgan.

Hozirgi vaqtda ham bu yerga keluvchilarning aksariyati Buxoro va uning atrofidandir. Narshaxiy Nur ziyoratiga borib qaytganlarni hojilar fazilatiga ega bo‘lishi to‘g‘risida ham yozib qoldirgan.

Nurning ziyoratgoh bo‘lishi, bu joydagi yerda muqaddas qadamjolarning mavjudligi bilan bog‘liqdir. Muqaddas buloq, baliqlar, tarixiy obidalar, Sa’id ad–Din Abul Xasan Nuriy, Ar–Rumiy singari tarixiy shaxslarning qabrlari mavjudligi, shuningdek, arablar istilosi davrida Movarounnahrga kelib qolgan va shu tuproqda foniylikdan boqiylikka ketgan hamda Nurda dafn etilgan tobeinlar qabrlari borligi shundan dalolat beradi.
 

 


Z. DUShANOVA, 

Navoiy viloyati 
Davlat ekologiya boshqarmasi 
Axborot xizmati

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources