Musaffo tabiat – yorqin hayotimiz garovi
05.
06. 2020
14:30
7881
News

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1972 yili Stokgolm shahrida o‘tkazilgan konferentsiyada 5 iyun «Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni» deb e’lon qilingan edi.

Bu kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlanib, insoniyatni tabiatni asrashga, mavjud muammolarni hal qilishga chorlab turadi, ezgu tashabbuslar ro‘yobiga zamin yaratadi. Shuningdek, sana munosabati bilan barcha xalqlar birlashib ona sayyoramizni muhofaza qilishga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘lishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Atrof-muhit ifloslanishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Sobirov bilan O‘zA muxbirining suhbati ham ana shu dolzarb mavzuga bag‘ishlandi.

– O‘lmas Aliqulovich, avvalo, Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kunining mazmun-mohiyati haqida gapirib bersangiz.

– Atrof-muhit muhofazasi nihoyatda muhim. Yashash uchun tabiatni asrashimiz, tabiiy resurslarni oqilona boshqarishimiz, ulardan tejamkorlik bilan foydalanishimiz zarur. Shuningdek, bugungi kunda yer sharidagi ko‘plab ekotizimlar zaxirasi deyarli butkul tugab, ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajaga yuz tutgan, boz ustiga aholi nufusi o‘sib borayotgan, iqtisodiy taraqqiyotga ehtiyoj kun sayin ortayotgan vaziyatda ekologiyani saqlash har qachongidan ham dolzarb vazifa sanaladi.

Shu bois, insoniyat tabiiy boyliklardan tejab foydalanish, tabiat bilan uyg‘un yashash, atmosferani sof tutishga intila boshladi. 5 iyun – Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni barchamizni bu haqda yana bir bor o‘ylab ko‘rishga chorlashi bilan ham ahamiyatlidir.

Bu kunda dunyo miqyosida millionlab odamlar ishtirokida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladi. Yoshu qari turli ko‘rgazmalar, hasharlar, xayriya kontsertlari, tanlov va musobaqalarda qatnashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda yer yuzida 370 ming o‘simlik turi aniqlangan. Ularning 60 mingga yaqin turi, 7 mingdan oshiq hayvon turi yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. BMT ma’lumotida qayd etilishicha, har yili 13 million gektarga yaqin o‘rmonzor yo‘qolib ketmoqda. Hozirgi kunga qadar sayyoramizdagi barcha o‘rmonlarning yarmi kesib tashlangan. Yer sayyorasining qariyb 60 foiz ekotizimi inqirozga uchramoqda. 87 suv va suv yonbag‘irlari, 46 cho‘l va 43 tog‘ ekotizimi yo‘qolib ketish arafasida.

1913 yilda bir kishi yil davomida o‘z turmush ehtiyojini qondirish uchun 4,9 tonna tabiat in’omidan foydalangan bo‘lsa, 1940 yilga kelib bu ko‘rsatkich 7,4 tonnaga ortgan. 1960 yili 14,3 tonnani tashkil etgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, yaqin kelajakda har bir odamning tabiat ne’matlaridan foydalanishi 35-40 tonnaga yetar ekan.

BMT Bosh Assambleyasi 2010-2020 yillarni – Xalqaro biologik xilma-xillikni saqlash dekadasi, deb e’lon qilgan edi. Bu yil mazkur dekadaning sarhisobi qilinadi. Shunga hamohang tarzda Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni «Bioxilma-xillik» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

– Atrof-muhit muhofazasi tamoyillari O‘zbekistonda qanday amalga oshirilmoqda?

– 1992 yil Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan BMT anjumani O‘zbekistonning global ekologik muvozanatni o‘rnatishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishi uchun kuchli turtki bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston turli sohalarda xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi ko‘plab konventsiya va kelishuvlarni imzoladi, nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi.

Aytish joizki, O‘zbekiston mintaqadagi ekologik muammolarni bartaraf etishga juda muhim e’tibor qaratmoqda.

Birgina, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar qilinmoqda. Dengizning qurigan hududida o‘rmonzorlar yaratish, «yashil belbog‘»lar barpo etish kabi dolzarb masalalar qat’iy vazifa qilib belgilangan.

Ochig‘ini aytish kerak, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ishlar ko‘ngildagidek emas.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni saqlash va qayta tiklanishini ta’minlash maqsadida davlat ekologiya inspektorlari faoliyatida 2020 yilning birinchi choragi davomida 7914 qonunbuzarlik holati (shundan 112 nafari mansabdor shaxs) aniqlangan. Ularga nisbatan 6,42 milliard so‘m jarima belgilangan. 192 holat bo‘yicha 1,8 milliard so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar tegishli organlarga kiritildi.

– Bugungi kunda milliy boyligimizning ajralmas qismi bo‘lgan landshaftlar xilma-xilligi ham rivojlanib bormoqda. Bu borada qanday samarali ishlar qilinmoqda?

– Darhaqiqat, landshaftlar bir necha ming yillik evolyutsiya davomida yuzaga kelgan hamda ajdodlarimiz tomonidan bizga qoldirilgan ulkan merosdir. Zimmamizda bu merosni avlodlarga xilma-xil va barqaror tizim ko‘rinishida qoldirishdek ulkan va mas’uliyatli vazifa turibdi. Shu sababli tabiatga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishga chek qo‘yish, tabiat in’omlari, boyliklarini, tabiiy resurlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish va ularni ko‘paytirish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim.
 

O‘zA muxbiri Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi

Manba: http://uza.uz/oz/society/musaffo1-tabiat-yer-...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources