Surxondaryo viloyati: Surxon davlat qo‘riqxonasi
11.
05. 2020
15:06
8824
News

Sherobod tumandagi Ko‘hitang tog‘ yonbag‘rida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi o‘simlik va hayvonot dunyosiga nihoyatda boyligi bilan diqqatga sazovor.

Tabiiy hududning umumiy yer maydoni 23 ming 802 gektar bo‘lib, shundan 12 ming 239 gektardan ziyodi yashil boylik bilan burkangan. Dengiz sathidan 850 metrdan 3 ming 137 metrgacha balandlikdagi hududda 900 dan ortiq turdagi o‘simlik uchraydi. Xususan, bu yerda «Qizil kitob»ga kiritilgan Qo‘qon zag‘ozasi, Litvinov lolaqizg‘aldog‘i, Maksimovich rovochi, Grek yong‘og‘i, achchiq hamda tikanakli bodom, soxta yantoq, dug‘bay singari ko‘plab o‘simlik va dov-daraxtlar o‘stirilmoqda.

Tangidevol soyida «Turkiston laqqachasi» balig‘i, Shalqon va Vandob bo‘limlarida sudralib yuruvchi hind boygasi, Xo‘janqo bo‘limida qushlardan cho‘lmiqqiysi, Kampirtepa bo‘limida mallabosh lochin, sut emizuvchilardan burama shoxli echki, Buxoro tog‘ qo‘yi, Turkiston silovsini singari kamayib borayotgan turli jonivorlar yashaydi.

Qo‘riqxonada O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan 26 turdagi sudralib yuruvchilar, 18 turdagi noyob hayvonlar va 136 turdagi qushlar uchraydi.

Ayni kunlarda qo‘riqxona xodimlari betakror va o‘ziga xos o‘simlik hamda hayvonot olamini tashqi tajovuzlardan himoya qilib, rovoch va boshqa noyob o‘simliklar, turli jonivor hamda qushlar kushandalariga qarshi kurash olib bormoqda.
 

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources