Toshkent viloyati: Chirchiq daryosi muhofaza zonasida olib borilayotgan reyd tadbirlari tafsiloti
25.
03. 2020
14:33
5585
News

Bugungi kunda OAV vakillari, blogerlar tomonidan Chirchiq daryosi muhofaza zonasida noqonuniy chiqindixonalarning yuzaga kelgani, ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar, oddiy fuqarolar tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya etilmaganligi yuzasidan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar joylashtirilib turibdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan muammoni samarali hal etish maqsadida Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Chirchiq daryosining muhofaza zonasida joylashgan ob’ektlar xatlovdan o‘tkazilgan.

Xatlov natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati Chirchiq daryosining 250 metrlik muhofaza mintaqasida joylashgan ob’ektlar soni 2652 tani (bular: ishlab chiqarish va avtotransport korxonalari, dala hovlilar, oshxona va restoranlar va boshqalar) tashkil etadi.

Bugungi kunga qadar Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi davlat inspektorlari tomonidan reyd tadbirlari tashkil etildi.

Xususan, 14 mart kuni Qibray tumani, «Chingeldi» MFY hududida Chirchiq daryosiga noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda to‘kib ketilgan (taxminan 50 ta mashina) qurilish va maishiy chiqindilar tozalanib, 1 gektarga yaqin maydonda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda «Toshvilyo‘lsanoat» AJ va «Avtoyo‘l» AJning texnikalari jalb etildi.
 

   

16 mart kuni Qibray tumani «Rohat» MFY va Yuqorichirchiq tumani «Bolta» MFY hududlarida Chirchiq daryosining 2 km masofasida chiqindilardan tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda mazkur hududda faoliyat olib borayotgan tosh maydalash korxonalarining texnikalari jalb etildi.

18 mart kuni Toshkent viloyati hududida reyd olib borildi. Reyd davomida Qibray tumani, «Haqiqat» MFY hududida fuqaro E.Alibaev tomonidan «ZIL» avtomashinasida qurilish chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlaganligi aniqlanib, MJtKning 91/1-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida (669 000 so‘m) ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Shu bilan birga «Tuzel» MFY hududida fuqaro N. Isaev tomonidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish holati aniqlanib, MJtKning 70-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida (2 223 000 so‘m) jarima qo‘llanildi.
 

   

20 mart kuni Chirchiq daryosining Toshkent viloyati Qibray tumanidan o‘tgan qismida ekologik reyd olib borilganida, «Rohat» MFY hududida yer tekislash maqsadida Parkent tumanida yashovchi fuqaro S.Ulug‘xodjaev tomonidan «MAN» avtotransport vositasida qurilish chiqindilarini olib kelib, noqonuniy ravishda Chirchiq daryosining muhofaza zonasida to‘kayotganligi aniqlandi. Holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan MJtKning 91/1-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida (669 000 so‘m) ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Reyd tadbirlari davom etmoqda.
 

   
   

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources