Toshkent: «Ashxobod» ko‘ngil ochar maskani hududiga yondosh yer maydonida daraxtlarning kesilishiga oid
30.
01. 2020
12:13
7862
News

Davlat ekologiya qo‘mitasiga Toshkent shahri Yashnobod tumani «Ashxobod» dam olish maskani yonidagi bog‘da qurilish munosabati bilan daraxt kesilayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushib, uni o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi.

Yashnobod tumani, Maxtumquli va M.Ulug‘bek shox ko‘chalari kesishmasida joylashgan Madaniyat bosh boshqarmasiga tegishli bo‘lgan «Ashxobod» ko‘ngil ochar maskani hududiga yondosh yer maydonida mehmonxona qurilishi uchun Toshkent shahar hokimining 2018 yil 17 apreldagi  632-sonli qarori bilan «J-UNITED GROUP» MChJga 2,0 gektar maydonni doimiy foydalanish uchun ajratib berilgan.

Bugungi kunda ushbu yer maydonda sassiqdaraxt hamda yong‘oq, tut, aylant, akatsiya, gledechi, eman, zarang, shumtol kabi daraxtlarning mavjudligi aniqlandi.

Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi 5863-son Farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan.

Farmonning to‘rtinchi bandi «v» qismida ko‘rsatilgandek, vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ob’ektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash orqali ularning saqlab qolinishini qat’iy ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, ko‘chirib ekish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida» gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, jamoat muhokamasidan o‘tib, ayni damda kelishilmoqda. 

Yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan yer maydonidagi daraxtlarning 152 donasi «Ashxobod» ko‘ngil ochar maskani hududiga ko‘chirilganligi hamda bu jarayon davom etayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga ko‘chirib o‘tkazish jarayonidan 7 dona achchiqmiya daraxtlari o‘sishdan to‘xtash darajasida shikast yetkazilganligi aniqlandi.

Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qarorining talablari buzilgan. 

Aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

Bayon etilgan holatda mazkur hududda daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlari aniqlanmadi.

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati


 


 

Useful resources