Toshkent viloyati: ildiz otgan «illat»ning payi qirqilmoqda
13.
01. 2020
15:03
5485
News

Bugungi kunda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash orqali atrof-muhitni ifloslantirish, noqonuniy chiqindixonalarni vujudga keltirish «illat»ga aylandi. Aholi va yuridik shaxslarning maishiy, qurilish, tibbiy, biologik chiqindilarni belgilangan joylarga tashlamasligi noqonuniy chiqindixonalar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Sohada olib borilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joylarda sanitar va ekologik holat yomonlashuviga chiqindilarni maydonlar, ko‘chalar, sug‘orish tarmoqlari ichiga, suvi muhofaza qilinadigan zonalar, daryo bo‘ylariga, aholining madaniy-maishiy dam olish hududlariga tashlanayotgani sabab bo‘lmoqda.

Noqonuniy chiqindixonalarga qarshi kurashish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar butun respublikani qamrab olgani e’tiborga molik.

Yaqinda Davlat ekologiya qo‘mitasi Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish boshqarmasi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani tog‘ yonbag‘ri hamda Chimyon dam olish maskani hududida nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida dam olish zonasi hududi, shuningdek yo‘l bo‘yi va qir-adir atrofiga turli maishiy chiqindilarni tashlagan 4 nafar fuqaro – X.M., Yu.A., S.T., Yu.A.lar «qo‘lga tushdi».

Huquqbuzar fuqarolarga nisbatan MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib jarima qo‘llanildi.

Fuqarolarga kelgusida bunday huquqbuzarlik holatiga yo‘l qo‘ymasliklari, chiqindilarni faqat belgilangan joygagina tashlash lozimligi borasida tushuntirish berildi.

Shuningdek, «Toza hudud» DUKning Bo‘stonliq tuman filiali ishchi-xodimlari va texnikalari jalb qilingani holda hudud o‘sha kunning o‘zidayoq chiqindilardan tozalanadi. 

Chiqindilar mavzusi doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ko‘p hollarda uni olib chiqib ketuvchilarni qoralab fikr bildiramiz. Ammo ayrim hollarda o‘zimizda bu boradagi madaniyatning yetishmasligini tan olgimiz kelmaydi, negadir.




 


Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources