Daraxt kesilishi bo‘yicha moratoriyning buzilish holatlari
25.
12. 2019
12:27
6149
News

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilganligiga hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tegishli bo‘linmalarining  targ‘ibot-profilaktika tadbirlariga  qaramasdan xali-xanuz noqonuniy daraxt kesilish holatlari kuzatilmoqda.

2019 yilning 23 dekabr kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ishonch telefoni orqali (71 277-75-43) Uchtepa tumanida (13-mavze 5,6,7,8-uylar oralig‘ida) kesilayotgan daraxtlar bo‘yicha murojaat kelib tushdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Baxrom Qo‘chqorov, rais o‘rinbosari O‘ktam O‘taev, Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi mutaxassislari hamda shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari voqea joyiga  holatni o‘rganish uchun chiqdilar. 

O‘rganish davomida bayon etilgan manzilda daraxtlarning zarang3 dona, 1 dona tut hamda 1 dona shumtol noqonuniy ravishda, ya’ni tegishli ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi. 

Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) 37-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qarorining talablari qo‘pol ravishda buzilib, yetkazilgan zarar miqdori 98 120 000 so‘mni tashkil etdi.

Ushbu holatda jinoyat alomatlarining borligi sababli mazkur huquqbuzarlik yuzasidan materiallar to‘planib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi.

Huddi shu kuni – 23 dekabr kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasi 31-uy oldida kesilayotgan daraxtlar bo‘yicha kelib tushgan murojaatga asosan boshqarma inspektorlari tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish davomida ushbu manzilda 6 dona safora, 2 dona chinor daraxtlarining o‘sishdan to‘xtaydigan darajada kesilganligi aniqlandi.

Mazkur holatda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari qo‘pol ravishda buzilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 51 401 500 so‘mni tashkil etdi. Materiallar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudga topshirish uchun tayyorlanmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi faol hamkorlik hamda atrof-muhitga g‘amxo‘rlik uchun befarq bo‘lmagan fuqarolarga minnatdorchilik bildiradi.

Shu o‘rinda agar siz daraxt kesilayotgan yoki tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi bo‘yicha boshqa huquqbuzarliklarining guvohi bo‘lsangiz Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagi raqamlariga –  (+998) 71 236-26-66, (+998) 71 207-11-07, va (+998) 71 207-07-70 (ichki 5012#, 1107#) qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.


 


Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources