Qushlar tabiat qo‘yniga qaytarildi
20.
12. 2019
11:31
6184
News

Qushlarga azaldan samo darakchilari, xat-xabar eltuvchilar, sanitar jonivorlar, deya ta’rif berilgan. Qolaversa, qushlar tinchlik va tiriklik ramzi, musaffo osmonimiz ko‘rki hisoblanadi. Ammo afsuski, oramizda tabiatning bunday bebaho ne’matlari va tabiatda noyob uchraydigan qushlar va boshqa hayvonot dunyosiga ko‘z olaytirib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishayotgan kimsalar uchrab turibdi.

Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 192-sonli buyrug‘iga asosan, joriy yilning 17 dekabr kuni boshqarma davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan Sh.Rashidov tumani hududida utkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida davlat raqami Toshkent shahriga tegishli bo‘lgan avtomashina to‘xtatildi. Davlat inspektorlari tomonidan avtomashina saloni ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonida chumchuqsimonlar oilasiga mansub jami 55 bosh, shundan 35 bosh «Sava», 10 bosh «Korolyok», 10 bosh «Shaqshaq» turdagi qushlar hamda qushlarni ovlash uchun bir dona to‘r va to‘rni mahkamlovchi jihozlar borligi aniqlandi. 

Ma’lum bo‘lishicha, qushlarni Toshkent shahri Shayhontohur tumanida istoqomat qiluvchi uch nafar I.A., M.A. va V.A. ismli shaxslar Sh.Rashidov tumani «Rovot» QFY, Uvob qishlog‘ida yashovchi noma’lum shaxslardan har bir qushning donasini 8000 so‘mdan sotib olib, Toshkent shahriga olib ketayotganligida aniqlandi. 

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunning 4, 32, 33, 49-moddalarining talablari buzilgan va O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasida ko‘rsatigan huquqbuzarlik holati sodir etilgan. Noqonuniy tarzda tutilgan qushlar esa Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining davlat inspektorlari tomonidan tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borish uchun Sh.Rashidov tumani IIBga hat jo‘natildi. Surishtiruv natijalari bilan tanishtirib boramiz, bizni kuzatib boring. 


Jizzax viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi 
axborot xizmati.

 

Useful resources