Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqning o‘ldirilish tafsiloti
28.
11. 2019
11:31
5834
News

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Chiroqchi tuman Beshchashma qishlog‘ida IJ rusumidagi ov miltig‘i bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirildi» sarlavhasi ostidagi video lavha yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Mazkur video lavhada ismi sharifi tilga olingan «Nurobod» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Botirov Saydullo bilan suhbat o‘tkazilganda holat 2016 yil may oyida sodir bo‘lgani, fermer xo‘jaligida ishchilar ishlayotgan vaqtda nomalum ayiq kelib qolgani hamda ukasi Tog‘aev Sirojga hamla qilib, qorin qismidan tishlab 40-50 metrlar chamasida sudrab ketayotganida Tog‘aev Sardor va Tog‘aev Islom shoxa hamda ketmon bilan urib o‘ldirgani, so‘ng jarohatlangan Tog‘aev Sirojni kasalxonaga olib ketilgani ma’lum bo‘ldi. Yozib bergan tushuntirish xatida ayiqni ishchilar uyiga olib ketgani, terisini shilib ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani bayon qilingan.

Shu bilan birga, voqeaning bevosita ishtirokchilari – Tog‘aev Siroj, Tog‘aev Sardor va Tog‘aev Islom bilan suhbat davomida ular chorva mollariga xashak yig‘ayotgan vaqtlarida ayiq Tog‘aev Sirojga hujum qilganligi, u esa xushidan ketganligi, ular ayiqni ketmon va shoxa bilan urib o‘ldirganliklari, Tog‘aev Islom Tog‘aev Sirojni kasalxonaga olib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Ulardan olingan tushuntirish xatlarida Tog‘aev Sardor o‘lgan ayiqni uyiga olib kelib, terisini go‘shtidan ajratib olganligi va 2 oylardan keyin ayiq terisini tuman IIBga olib kelinganligini ko‘rsatib o‘tishgan.

Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni ovlash taqiqlangan va u muhofaza ostiga olingan. 

O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish konventsiyasining (CITES) 1-ilovasiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruhsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 14-ilovasi «Hayvonot dunyosidan foydalanish tartibining buzilishi sababli yetkazilgan zarar hajmini hisoblash uchun to‘lovlar» miqdori bo‘yicha yoshi, kattaligi, og‘irligi va jinsidan qat’iy nazar har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun jismoniy va yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 koeffitsient miqdorida zarar hisoblanishi belgilangan.

Yuqorida bayon etilgan holat yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etildi. Qo‘ng‘ir ayiq noqonuniy tartibda o‘ldirilgan bo‘lsa, aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chora ko‘riladi va yetkazilgan zarar undirib olinadi.



Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources