O‘zbekiston – Janubiy Koreya: Bioparchalanuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi
03.
10. 2019
20:57
251
News

2019 yilning 2 oktyabr kuni kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Janubiy Koreyaning «Seojin Industry» kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov, qo‘mita mas’ul xodimlari, «Seojin Industry» kompaniyasi prezidenti Bak Xoiyon, kompaniya direktori Pak Jinxyunk, «Bio green city» MChJ qo‘shma korxonasi bosh direktori A.Xidoyatovlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasida «Seojin Industry» kompaniyasi texnologiyalari asosida bioparchalanuvchi (tez parchalanuvchi) granulalar, paketlar va boshqa turli mahsulotlarni ishlab chiqarish va o‘zaro hamkorlikka qaratildi.

Uchrashuv avvalida qo‘mita raisi B.Qo‘chqorov mehmonlarni mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yo‘nalishdagi mavjud milliy qonunchilik bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Bak Xoiyon «Seojin Industry» kompaniyasi faoliyati va u tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muhokama chog‘ida bioparchalanuvchi mahsulotlar haqida qizg‘in fikr-mulohazalar bildirildi. Shu o‘rinda Bak Xoiyon kompaniyaning barcha mahsulotlari Janubiy Koreya Respublikasining  «Eco-Label» sertifikatiga ega ekanligini e’tirof etdi.

Ta’kidlash joizki, bioparchalanuvchi granula, bir martalik idishlar va boshqa shu kabi mahsulotlar Janubiy Koreya Respublikasining o‘zi uchun ham yangilik edi. U so‘nggi 5-6 yil ichida asta-sekinlik bilan rivoj topdi. Aytish joizki, bioparchalanuvchi mahsulot tarkibining 40 foizini makkajo‘xori kraxmali yoki kartoshka kraxmali tashkil qilib, u tez parchalanuvchi material hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyo miqyosida plastik mahsulotlar va ularni qayta ishlash dolzarbligicha qolmoqda. Aynan, bioparchalanuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi mazkur texnologiya bir qator koreyalik kompaniyalar tomonidan yaratildi. 

Uchrashuv davomida «Seojin Industry» kompaniyasi O‘zbekistonda bioparchalanuvchi granulalar, paketlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha laboratoriya tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bunda, ishlab chiqarish jarayonida 100 foiz milliy xom ashyodan foydalanishni yo‘lga qo‘yish e’tirof etildi. 

Xorijlik mehmonlar uchrashuv ishtirokchilariga «Seojin Industry» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardan namunalar taqdim qilishdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, taklif etilayotgan mazkur investitsiya loyihasining qiymati 18 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 3 mln. AQSh dollari  «Seojin Industry» kompaniyasi, qolgan mablag‘ esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan.
 






Useful resources