O‘zbekistonda chiqindilarni plazma usulida utilizatsiya qilish texnologiyasi tatbiq etiladi
28.
08. 2019
10:56
6668
News

O‘zbekiston Respublikasida chiqindilarni plazma usulida utilizatsiya qilish texnologiyasini tatbiq etish bilan bog‘liq hamkorlik masalalari 2019 yilning 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov hamda Singapurning «Alpha Global Capital (S) Pte. Ltd.» ijrochi rais o‘rinbosari janob  Samad Salim va kompaniya mutaxassislari bilan bo‘lgan o‘zaro muloqotda muhokama qilindi.

Mazkur texnologiyaning afzalliklari shundaki, maxsus texnologiya kam chiqitli bo‘lib, atrof-muhitga, aholi salomatligiga ta’siri yo‘q. Plazma usulida chiqindilarni utilizatsiya qilish ularni saralashni talab etmay, harajatlar nuqtai nazaridan ham maqbul, oddiy usulda utilizatsiya qilishga ketadigan harajatlarni bir necha barobar qisqartiradi. 

Xususan, ushbu qurilma bir kunda 5 tonna chiqindini plazma usulida qayta ishlab, issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, hosil bo‘lgan 5 % kul chiqindisini qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sifatida yoki qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanish mumkin bo‘ladi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida umumiy qiymati 15 mln. dollarni tashkil etgan «Qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar tatbiq etish» investitsiya loyihasini amalga oshirish, keyinchalik mazkur texnologik uskunalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Shuningdek, singapurlik investorlar mazkur texnologiyalar sohasida o‘zaro samarali tajriba almashishga hamda  tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. 

Shu bilan birga investorlar oqova suvlarni tozalash texnologiyalarini tatbiq etish yo‘nalishida ham investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga istak bildirdilar.

Uchrashuv natijasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Singapurning «Alpha Global Capital (S) Pte. Ltd.» o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumida o‘z aksini topdi.
 



 

Useful resources