Chinoz tumanida sayyor qabul o‘tkazildi
29.
03. 2021
21:39
207
Econadzor

2021 yil 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov Toshkent viloyati Chinoz tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Tadbirda fuqarolarning sohaga oid muammolar bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ko‘tarilgan masalalarning aksariyatini joyida hal etish choralari ko‘rildi.

Alohida taъkidlash joizki, bugungi kunda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni nazorat qilishda jamoatchilik roli muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda ham fuqarolarning faolligi oshgan. Qabulning asosiy maqsadlardan biri ham ana shu imkoniyatdan samarali foydalanishdan iborat.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020 yil davomida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga 782 ta shikoyat kelib tushgani, shundan 766 tasi ijobiy hal etilgani, 16 ta holat ijrosi ustidan esa qatъiy nazorat o‘rnatilganini ko‘rishimiz mumkin.

Jamoatchilik vakillari tomonidan yo‘llanayotgan rasmiy murojaatlardan tashqari ijtimoiy tarmoqlar orqali ham qonunbuzarlik holatlariga munosabatlar bildirilmoqda. Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari ham ijtimoiy tarmoqlarda bayon etilgan 28 ta ana shunday holatni joyida o‘rganib, tegishli choralar ko‘rdilar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining atrof-muhitni muhofaza qilishga ko‘rsatadigan yordami beqiyosdir. Qo‘mita tomonidan ekologik nazoratning boshqa subьektlari, jumladan, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan doimiy hamkorlik qilib kelinmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2021 yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyatidan jami 107 ta (31 ta virtual qabulxona, 34 ta yozma, 42 ta “Ishonch raqami” orqali) kelgan bo‘lsa, shundan 94 tasiga vaqtida javob qaytirilgan. Yana 13 ta murojaat esa belgilangan tartibda joyiga chiqib o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrda “Atrof-muhitga taъsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-son qarorida atrof-muhitga taъsirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi belgilab qo‘yilgan. Jamoatchilik eshituvi atrof-muhitga va aholi sog‘lig‘iga salbiy taъsir ko‘rsatayotganligi yuzasidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning haqli shikoyatlariga sabab bo‘lgan holatlarda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan I va II toifalarga mansub faoliyat turlari bo‘yicha o‘tkazilishi mumkin.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov sayyor qabulga kelganlarga shu kabi masalalarning ahamiyatini tushuntirar ekan, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Muloqot rasmiyatchilikdan holi tarzda o‘tkazilganini ham aytib o‘tish kerak.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources