Qushlarning qishki hisobi o‘tkazildi
20.
01. 2021
15:51
5268
News

2021 yil yanvar oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti bilan birgalikda mamlakatimiz suv havzalarida suvda suzuvchi qushlarning qishki hisobga olish tadbiri amalga oshirildi.

Mazkur ekspeditsiya davomida Jizzax, Navoiy, Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi suv omborlari o‘rganildi.

Tadqiqotlar suvda suzuvchi qushlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish uchun muhim bo‘lgan suv havzalarida, mintaqaviy qo‘riqxonalar va ovchilik xo‘jaliklarida hamda eng muhim ornitologik hududlarda, ya’ni Aydarko‘l, Sechan ko‘l, Achin ko‘li, Tuzkon, Oyoqog‘itma ko‘llari, Tolimarjon, Kattaqo‘rg‘on, To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlarida o‘tkazildi.

Jami 190 550 ta suvda suzuvchi qushlar qayd etildi. Shu jumladan, keng tarqalgan turlardan Qashqaldoq, Katta qo‘ng‘ir, Olmabosh, Yovvoyi o‘rdak hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan qush turlaridan Oqbosh o‘rdak, Vishildoq oqqush, Baqiroq oqqush, Jingalak saqoqush, Oq dumli suv burgut va boshqalar hisobga olindi.

Olingan natijalar O‘zbekiston Respublikasining suv havzalarida suv qushlarini saqlash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda, shuningdek, Ramsar Konventsiyasi va Afrika-Evroosiyo migratsion suv qushlarini saqlash to‘g‘risidagi (AEWA ) bitimning milliy hisobotlariga kiritishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources