Xalqaro hamkorlik natijalari
15.
12. 2020
20:55
433
Event

Shu yilning 11 dekabr kuni Litvaning Vilnyus shahrida transchegaraviy ahamiyatga molik atrof muhitni baholash va strategik ekologik baholash Espo Konventsiya va SEB protokoli bo‘yicha BMTning YeIK ishtirokida Konventsiya tomonlarining VIII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferentsaloqa formatida tashkil qilingan ushbu konferentsiyada Espo Konventsiyasi kotibiyati va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbariyati, shuningdek, Espo Konventsiyaga a’zo davlatlarining soha yo‘nalishidagi nufuzli vakillari ishtirok etdi.

Konventsiya tomonlarini «Espo Konventsiyasi va SEB Protokoliga muvofiq atrof-muhitni baholash tizimlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘mak ko‘rsatish» loyihasining borishi to‘g‘risida xabardor qilish, shuningdek Davlat ekologiya qo‘mitasi va BMTning YeIK O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi bilan birgalikda «Milliy va mintaqaviy salohiyatlarni va hamkorlikni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida atrof-muhitni strategik ekologik baholash» amalga oshirish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasining «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat unitar korxonasi vakillarining ishtiroki ta’minlandi.

«Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat unitar korxonasi vakillarining bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi ishtirokining yana bir asosiy maqsadi – BMTning Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha ilg‘or tajribalarini o‘rganish, BMTning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari qonunchilik amaliyotining amalga oshirilishini ko‘rib chiqish.

Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan vakil bo‘lib qatnashish jarayonida xalqaro ekspertlarning keyingi yillarda mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy munosabatda ekaniga guvoh bo‘ldik. Xususan, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Shveytsariya va Germaniya hukumatlari ko‘magi bilan O‘zbekistonning atrof muhitga ta’sirini baholash sohasidagi qonunchiligini tahlil qilgan holda takomillashtirish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan loyiha bo‘yicha bildirilgan fikrlarda bu ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ldi.

Xalqaro konferentsiyada O‘zbekistonda Espo Konventsiyasi va SEB protokoliga muvofiq ekologik baholash tizimini joriy qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berish bilan birga ushbu tizimning mamlakatimiz uchun ahamiyatli bo‘lgan jihati haqida o‘z munosabatimizni bayon etdik.

Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimizda ayni paytda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xalqaro hamkorlik masalasiga katta e’tibor berilmoqda. Espoo Konventsiyasi ham yashil iqtisodiyotni keng yo‘lga qo‘yishga, atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, tan olingan xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy komissiyasining hamkorligi allaqachon o‘z natijalarini bermoqda. Jumladan, mamlakatimiz 2016-2017 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transchegaraviy ahamiyatga molik atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan ko‘rsatmalarni tayyorlashda faol ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida, Espo konventsiyasi kotibiyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Shuningdek, hozirgi kunda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni, shu jumladan atrof-muhitni baholash tizimini takomillashtirish maqsadida xalqaro standartlarga muvofiq Ekologik kodeks loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni inobatga olgan holda xalqaro, zamonaviy talablarga mos qonunchilikni takomillashtirishni davrning o‘zi talab qilayapdi. Ayni shu jarayonlarda Espo konventsiyasi kotibiyati tomonidan loyiha doirasida ko‘rsatilayotgan yordam 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

O‘zbekiston 2018 yildan beri Espo konventsiyasi va SEB Protokoliga muvofiq atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari, ya’ni atrof muhitga ta’sirni baholash va SEB tizimlarini rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘rnatilgan ikki tomonlama shartnomaga muvofiq O‘zbekistondagi zamonaviy atrof muhitga ta’sirni baholash va SEB tizimlari to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan Kodeksning qabul qilinishi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mintaqaning muhim dolzarb ekologik muammolarini hal qilishda, shuningdek, mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Konventsiyaga muvofiq amalga oshiriladigan atrof-muhitga ta’sirni baholash yondashuvining ijobiy tomoni uning ayniqsa, xalqaro sheriklar va investorlar uchun shaffofligi va ravshanligida namoyon bo‘ladi.

Har bir loyihaga individual yondashish atrof-muhitga ta’sirni baholash paytida aniq muddatlar va choralarni qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga atrof muhitga ta’sirni baholash materiallarida yakuniy qarorni qabul qilishda manfaatdor tomonlar va jamoatchilik fikrlarini maksimal darajada ko‘rib chiqish ta’minlanadi.

Shuningdek, ayrim hollarda atrof muhitga ta’sirni baholash xarajatlarining kamayishi biznesga foyda keltirishi mumkin, masalan: agar skrining natijalariga ko‘ra faoliyat unchalik katta bo‘lmagan ta’sirga ega bo‘lsa yoki faoliyatni rejalashtirilgan joyda amalga oshirish mumkin emasligi dastlabki bosqichda aniqlansa, faoliyat tashabbuskori atrof muhitga ta’sirni baholash va imtihon protseduralari uchun vaqt hamda to‘liq moliyaviy resurslar sarflamaydi.

Atrof muhitga ta’sirni baholashdagi ehtiyojni aniqlash tartibi atrof-muhitni muhofaza qilish davlat organlari tomonidan faoliyatni tasdiqlash tartibini soddalashtirish orqali biznes uchun ijobiy muhit yaratadi. Espo Konventsiyasi talablariga javob beradigan normativ-huquqiy qonunchilikni O‘zbekistonda amalga oshirishning quyidagi ijobiy tomonlarini ta’kidlash mumkin:

birinchisi, yirik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, halqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish va h.k.;

ikkinchisi, Konventsiyaning ishtirokchilari bo‘lgan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va tomonlar o‘rtasida tushunmovchiliklar ehtimolini kamaytirish va kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida dastlabki bosqichda ochiq fikr almashish orqali transchegaraviy ekologik ziddiyatlarning oldini olish;

uchinchidan, loyihani amalga oshirish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilishda atrof-muhit omillarining oldindan hisobga olinishini ta’minlash, rejalashtirilgan faoliyatning zararli ta’siridan ta’sirlanishi mumkin bo‘lgan hududlarda yashovchilar, shu jumladan, qo‘shni davlat hududida yashovchi aholining xabardor qilish, shuningdek, tegishli atrof muhitga ta’sirini baholash jarayonida hisobga olinishi lozim bo‘lgan faoliyatga e’tirozlar yuzasidan jamoatchilikka izoh berish uchun imkoniyat yaratish. Ushbu amaliyot atrof-muhitni muhofaza qilish va keng ko‘lamli ekologik muammolardan xabardorlikni oshirish, shuningdek, umuman olganda, fuqarolik jamiyati va demokratiyani rivojlantirishga xizmat qiladi.


ISKANDAR ISKANDAROV,
«Davekoekspertizasi markazi» DUK

direktori

SOHIB YULDOSHEV,
«Davekoekspertizasi markazi» DUK
direktori o‘rinbosari

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources