Ramsar Konventsiyasi kotibiyati bilan onlayn muloqot
23.
10. 2020
21:05
367
Event

2020 yil 23 oktyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida Navoiy viloyati hududida joylashgan To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlarining xalqaro Ramsar Konventsiyasining ro‘yxatiga kiritilishi munosabati bilan videokonferentsiya shaklida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Oblomurodov, Ramsar Konventsiyasi sekretariatining Osiyo va Okeaniya bo‘yicha bosh maslahatchisi Reyko Iidzuka, Markaziy Osiyo bo‘yicha Ramsar mintaqaviy tashabbuslarini muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi raisi professor Eldar Rustamov ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro konventsiya borasida ishlariga yuqori baho berishdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat o‘rmon xo‘jaligi ko‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, GEF Kichik grantlar dasturi, Mixael Zukkov jamg‘armasi, O‘zbekiston zoologlar jamiyati, Ovchi va baliqchilar birlashmasi va boshqa aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Ramsar Konventsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda suvli-botqoqli hududlarni boshqarish rejasini ishlab chiqish va uni izchil amalga oshirish, suv havzalaridan xo‘jalik faoliyatida foydalanishda tabiatni muhofaza qilish normalariga qat’iy rioya etish, ekologik turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Videokonferentsiya davomida Davlat ekologiya qo‘mitasiga To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlarining xalqaro Ramsar Konventsiyasining ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida rasmiy sertifikat taqdim etildi.

Mamlakatimiz suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyaga 2001 yilda a’zo bo‘lgan edi. Dastavval Dengizko‘l hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar konventsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources