Chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlaganlik uchun jarima miqdori yana oshiriladimi?
13.
10. 2020
00:53
177
Econadzor

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga jiddiy munosabatni shakllantirish masalalariga dunyoning ko‘plab mamlakatlarida katta e’tibor qaratiladi. Joriy tartib-qoidalarga rioya qilmagan fuqarolarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

Masalan, Ispaniyada mashina derazasidan chiqindini uloqtirish 200 evro, sigaret qoldig‘ini yo‘lakka tashlash 90 yevro miqdorida jarima solishga asos bo‘lsa, Shvetsiyada qog‘ozni yerga tashlagan kishi 90 evro, TSingapurda 300 dan 1000 dollargacha miqdordagi mablag‘idan judo bo‘ladi.

Albatta, bizda ham chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki chiqarib qo‘yish uchun jazolar belgilangan. Xususan, «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 82, 91, 123-moddalarida chiqindini tashlash bo‘yicha normalar belgilab qo‘yilgan. 82-moddaga muvofiq, muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzsa, hozirgi kunga hisoblaganda 1 mln 115 ming so‘m jarimaga tortiladi.

Fuqaro 91-moddada ko‘rsatilganidek noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan bo‘lsa, hozirgi kunda 669 ming so‘m jarima to‘laydi. Avtomashinadan chiqindini tashlaydigan bo‘lsa 123-moddaga asosan hozirda 223 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi.

Lekin shunga qaramay, ba’zi yurtdoshlarimiz chiqindini belgilanmagan joyga, ko‘cha-ko‘yga, daraxt tagiga, ariq ichiga, umuman, duch kelgan joyga tashlash mumkin emasligini tushunib yetmayapti. Eng yomoni, ko‘plab fuqarolar o‘z xonadonlarida hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilarni avtotransport vositalari yordamida belgilanmagan joylarga chiqarib tashlamoqda.

Masalan, maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha 2017 yilda 3 144, 2018 yilda 5 543 va 2019 yilda 13 948 ta holat bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar qayd etilib, jami 4,4 mlrd so‘m miqdorda jarima undirilgan. Bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hali-hamon yuqoridagi holatlar afsuski, uchrab turibdi. Demak, hozirgi vaziyat sohadagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraktsiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan hujjatlardan biri «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi bo‘ldi.

Xo‘sh, ushbu hujjatning mazmun-mohiyati nimada? Bu bilan qonunchiligimizda qanday yangiliklar o‘rin olmoqda?

Mazkur Qonun loyihasining asosiy maqsadi belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolarning atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy burchiga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdan iborat.

Binobarin, qonun loyihasiga «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 911-moddasi (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish) sanktsiyasidagi jarima miqdorlarini oshirish, shu bilan birga, moddaning ikkinchi qismiga huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish jazosini kiritish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, 911-modda ikkinchi qismining sanktsiyasida huquqbuzarlik quroli yoki ashyosini musodara qilish jazo turi sifatida belgilanayotgani sababli Kodeks 245-moddasida ko‘rib chiqilishi ma’muriy sudlarning vakolatiga taalluqli huquqbuzarliklar toifasiga 911-moddaning ikkinchi qismini kiritish nazarda tutilmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil oktyabrdagi qaroriga asosan, chiqindi qutilari majburiy ravishda o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joylar ro‘yxati belgilangan. Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning pod’ezdiga kirish yo‘lida 1, metro, yer osti va yer usti o‘tish joylarining har bir kirish (chiqish) yo‘lida 2, ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda, piyodalar serqatnov hududda – har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda – har 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan chiqindi qutilari qo‘yilishi kerak.

Ammo serqatnov, aholi gavjum bo‘lgan hududlarda har 50 metr, har 100-120 metrda ham chiqindi qutilari uchramaydi. Butun boshli katta bozor hududida 1-2 ta quti topiladi, xolos. Buning natijasida o‘tkinchi yo‘lovchilar chiqindini yerga, duch kelgan joyga tashlab ketadi.

Qonun loyihasi muhokamasi jarayonida aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun mo‘ljallangan ob’ektlarda, avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish (chiqish) yo‘lida chiqindi qutilari qo‘yilmagani aytilib, bir qator takliflar ilgari surildi va ko‘plab savollar ko‘tarildi.

Jumladan, «belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindi va qurilish chiqindilarini tashlash holatlari yuzaga kelgan taqdirda fuqaroning huquqbuzarlik quroli yoki ashyosini musodara qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi», «hozirgi kunda chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash uchun chiqindi tashlaydigan maxsus qutilar qo‘yilganmi», degan savollar qo‘yildi.

Uzoq davom etgan bahs-munozaralar, tortishuvlardan so‘ng, yuqoridagi holatlar inobatga olinib, ushbu qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi.


Nodir ABDUVALIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraktsiyasi a’zosi

Manba: http://xs.uz/uzkr/41702

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources