Palata majlislari. O‘simlik dunyosi ob’ektlariga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
15.
09. 2020
17:12
4327
News

Ma’lumotlarga ko‘ra, yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq qiladi, bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. O‘zbekiston hududining 7,5 foizi tabiiy o‘rmonlar bilan qoplangan. Dunyo mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil etadi. Masalaning jidiyligidan kelib chiqib, yurtimizda oxirgi yillarda o‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilish maqsadida bir qator qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «O‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni yo‘q qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, javobgarlik choralari avvalgisiga nisbatan ikki baravarga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mazkur sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni va ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi ham musodara qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga joylarda o‘zlariga vaqtincha yoki doimiy ravishda foydalanishga ajratilgan yoki biriktirilgan maydonlardagi daraxtlarni saqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarning g‘ayriqonuniy kesilishi, yo‘q qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishining oldini olishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/chamber/31971/

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources