Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Umumiy ma'lumot

Umumiy ma'lumot

O'zbekiston burungi qurilishdan Orol ekologik tanazzulini, aholi va atrof-muhit salomatligi uchun zararli sanoat, suv hamda yer resurslarining kamayib ketishi bilan bog'liq muammolarni meros qilib oldi.

O'zbekistonda 1980-yilning oxirlariga kelib ekologik muammolar shu qadar keskinlashib ketdiki, respublika hukumati yangi davlat tuzilmasini - O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasini tashkil etdi.  

Shu tariqa, respublika hukumatining 1988-yil aprel oyidagi maxsus qarori bilan atrof-muhit holati va muhofazasi yuzasidan nazorat bo'yicha davlat organi tashkil etildi.

Qator vazirlik va idoralar o'zlarining atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shug'ullanuvchi tuzilmaviy bo'linmalarining bir qismini Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tasarrufiga topshirdilar. Xususan,  respublikaning Suv xo'jaligi vazirligi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tasarrufiga Suv resurslarini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boshqarmasini, O'rmonchilik davlat qo'mitasi O'simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish boshqarmasini (1991-yil 1-apreldan Davlatbionazorati), Qishloq xo'jaligi vazirligi Yer resurslarini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boshqarmasini, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Boshgidromet Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasini topshirgan.  

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tuzilmaviy jihatdan 6 ta boshqarma va 1 ta bo'limdan tashkil topgan edi - bu Suv resurslarini muhofaza qilish va oqilona foydalanish boshqarmasi, Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi, Yer resurslarini muhofaza qilish va oqilona foydalanish boshqarmasi, O'simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish boshqarmasi (Davlatbionazorati), Tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti va uni tashkil qilish boshqarmasi, Ilmiy-texnik taraqqiyot va tashviqot boshqarmasi, shuningdek, huquqiy bo'lim. Dastlabki to'rtta boshqarma inspeksion boshqarma hisoblanadi, ya’ni ular respublikaning ishlab chiqarish ob’yektlarida tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya qilish yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar

Bundan tashqari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tarkibiga qayta tashkil etilgan Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasi va "SuvGEO" ilmiy tadqiqot instituti kirdi.

Hukumatning 1988-yil aprel oyidagi maxsus qarori bilan respublikada  atrof-muhit holati va muhofazasi ustidan nazorat bo'yicha davlat organi va uning viloyat, tuman va Toshkent shahridagi tuzilmaviy bo'limlari tashkil etildi.

1990-yil 10-dekabrda "Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi to'g'risidagi Nizom" tasdiqlandi. 1992 yil dekabrda mustaqil O'zbekiston Respublikasi Parlamenti - Oliy Majlisning birinchilardan bo'lib qabul qilgan - "Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida" gi  Qonuni bo'ldi.  Mazkur ikki asosiy hujjat O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining huquqiy maqomini aniqlab berdi hamda tabiatni muhofaza qilish bo'yicha qonunchilik bazasining shakllanishiga debocha bo'ldi. Ushbu qonunga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga bo'ysunadi.

O'zbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida Qo'mita mutaxassislarining bevosita ishtirokida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi 13 ta qonunlar qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlar hamda sharoitlarni o'zida aks ettiruvchi 30 dan ortiq kodekslar, qonunlar, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining  farmon, qarorlari, yigirmaga yaqin idoraviy me’yoriy-huquqiy aktlar, ikki yuzdan ortiq me’yoriy-texnik va rahbariy hujjatlar qabul qilingan.

Ekologik muammolarning ilmiy yechimini izlash, ifloslanish darajasini kamaytirish uchun ularni ishlab chiqarishga tadbiq etish hamda respublika korxonalariga ilmiy ko'mak ko'rsatish maqsadlarida 1993-yilda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi qoshida "Atmosfera" ilmiy-tadqiqot, loyihaviy-texnologik institut, so'ng "Suv xo'jaligi ekologiyasi" ilmiy-tadqiqot unitar korxonasi tashkil etildi.

Respublikada o'zgarib borayotgan ekologik holat, respublikada tabiatni muhofaza qilish xizmatiga talablarning oshib borayotganligini  hisobga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1996-yil 26-aprelda "O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi to'g'risida" gi Nizomning yangi tahririni qabul qildi. Keyingi yillarda ushbu nizomga O'zbekiston Respublikasining 2009-yil 15-dekabrdagi "O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi to'g'risidagi nizomga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi № 231-son Qonuni,  O'zbekiston Respublikasining 30.08.2002-yildagi 405-II-son hamda 30.08.2003-yildagi 535-II-son "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi, 2011-yil 1-oktyabrdagi «Geografik ob’yektlarning nomlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar kiritish haqida" gi qonunlariga, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2001 yil 7 dekabrdagi "O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi to'g'risidagi nizomga o'zgartishlar kiritish haqida" gi 322-II-son Qaroriga muvofiq o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan.

Mustaqillik yillarida ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo'yicha muhim tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Qabul qilingan chora-tadbirlar atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish, asosiy ochiq suv oqimlarining ishlashini yaxshilash, pestitsidlarni qo'llashni qisqartirish, ekin maydonlari tuzilmasini yaxshilash, milliy ekologik muammolarni hal etishga xalqaro tashkilotlarni jalb qilish imkonini berdi.

Bozor munosabatlarining dinamik o'zgarishi sharoitlarida soliq siyosatini isloh qilish, tabiiy, moddiy-texnik resurslardan samarali hamda oqilona foydalanishga yo'naltirilgan byudjet daromadlaridagi jami resurslar hamda mulkiy soliqlar rolini oshirishda, asosiy o'rinni iqtisodiy mexanizmlarni bosqichma-bosqich tabiatdan foydalanishga tadbiq etish va takomillashtirishga qaratilmoqda.

Tabiatdan foydalanishning iqtisodiy masalalarini hal etish barobarida 1992-yilda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining korxonalar, tashkilotlar tomonidan atrof-muhitni me’yordan ortiq ifloslantirganlik uchun to'lovlarni joriy etish to'g'risidagi Qarori qabul qilindi. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tizimida tabiatni muhofaza qilish respublika hamda mahalliy jamg'armalari tashkil etildi. Atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to'lovlarning joriy etilishi hamda tabiatni muhofaza qilish jamg'armalarining tashkil etilishi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida o'zaro yangi moliyaviy munosabatlarning shakllanishi uchun asos bo'lib xizmat qildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan O'zbekiston iqtisodiyotining pullik tabiatdan foydalanishga bosqichma-bosqich o'tish Dasturi (1995-yil 21-iyun), "O'zbekiston Respublikasida ilmiy asoslangan iqtisodiy va huquqiy mexanizmlarni tabiatdan foydalanishga joriy etish" Konsepsiyasiga muvofiq ikkinchi bosqichda atrof tabiiy muhitni to'la ifloslantirganlik, ya’ni tabiiy muhitga yalpi ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari va chiqindilar joylashtirilganlik uchun to'lovlarni kiritish amalga oshirildi. O'zbekiston Respublikasida iqtisodiy mexanizmlarni tabiatdan foydalanishga bosqichma-bosqich kiritishni kelgusida ta’minlash, tabiatdan foydalanishning iqtisodiy usullarini takomillashtirish, shuningdek,  ekologik xavfsizlik masalalari bo'yicha kompleks yondoshuvni ta’minlash maqsadlarida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-maydagi "O'zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun to'lovlar tizimini takomillashtirish to'g'risida" 199-sonli va 2003-yil 6-iyundagi "Tabiatdan maxsus foydalanganlik uchun to'lovlar tizimini takomillashtirish to'g'risida" gi 15-sonli qarorlariga muvofiq atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsion to'lovlar joriy etildi. O'zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsion to'lovlar foydalanish uchun Tabiatni muhofaza qilish jamg'armalari to'g'risidagi Nizomga muvofiq Tabiatni muhofaza qilish jamg'armalariga kelib tushadi.

Shu o'rinda ta’kidlash joizki, tabiatni muhofaza qilish jamg'armalaridagi resurslar konsentratsiyasi tabiatni muhofaza qilish tadbirlari, ustivor ilmiy tadqiqot hamda izlanishlarni, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi zamonaviy me’yoriy-uslubiy hujjatlarni tayyorlash bo'yicha ishlarni o'tkazish imkonini beradi.

O'zbekiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish barobarida, bajarish mas’uliyati O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasiga yuklatilgan qator xalqaro Konvensiyalarni imzoladi. Bular, Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish to'g'risidagi Konvensiya (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-yilda ratifikatsiya qilgan), Ozon qatlamini muhofaza qilish to'g'risidagi Vena Konvensiyasi (O'zbekiston ushbu konvensiyaga 1993-yilda qo'shilgan), Xavfli chiqindilarni transchegaraviy joylashtirish yuzasidan nazorat bo'yicha Bazel Konvensiyasi (O'zbekiston ushbu konvensiyaga 1995-yilda qo'shilgan), Xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan  suv-botqoqli hududlar to'g'risidagi Ramsar Konvensiyasi  (30.08.2001-y.).

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi mamlakatimizdagi qator xalqaro loyihalarning ijrosini muvofiqlashtirib turadi. Xususan, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi qoshida "Ozon qatlamini muhofaza qilish", "O'zbekistonning neft-gaz tarmog'iga bioxilma-xillikni muhofaza qilish tamoyillarini integratsiya qilish", "Kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish uchun integratsiyalashgan milliy dasturni ishlab chiqish va O'zbekiston Respublikasida Kimyoviy moddalarni xalqaro boshqarishda strategik yondashuvni (KMXBSYO) amalga oshirish", "2011-2020 yillarda O'zbekistonda Biologik xilma-xillik to'g'risidagi Konvensiyaning Strategik rejasini amalga oshirishda qo'llab-quvvatlash uchun biologik xilma-xillik sohasida milliy rejalashtirish" loyihalarining idoralari ochilgan va amalda faoliyat ko'rsatadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning farmoniga muvofiq 2017-yilning 22-aprelidan boshlab, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi etib qayta tashkil etildi. Davlat ekologiya qo‘mitasi quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi, jumladan:

- ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi;

- atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida obyektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;

- chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish;

- yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish;

- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanika kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish;

- ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

- atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha profilaktika o‘tkazish;

- ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalarida jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari bilan mustahkam hamkorlikni, qulay atrof-muhitga bo‘lgan fuqarolar huquqini ta’minlash.

 

 

 

 

 

 


2014-01-29

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika