Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > QORAQALPOG‘ISTONDA EKOTURIZM RIVOJ TOPMOQDA

QORAQALPOG‘ISTONDA EKOTURIZM RIVOJ TOPMOQDA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ko‘magida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan mediatur Orolbo‘yi mintaqasidagi diqqatga sazovor tarixiy joylarni targ‘ib qilish, ushbu hududga xorijiy sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan mediatur safari qadimiy Shilpiq qo‘rg‘onidan boshlandi. Ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan qadimiy yodgorlikni ziyorat qilgan ommaviy axborot vositalari vakillari Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida ham bo‘lishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-avgustdagi qaroriga muvofiq, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi, Qo‘riqxonalar, milliy tabiiy bog‘lar va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi huzurida qayta tashkil etilgan bu maskanga Beruniy va Amudaryo tumanlari hududidan 68 ming 717,8 gektar maydon ajratilgan. Uning 11 ming 568 gektari qo‘riqxona zonasi, 6 ming 731 gektari bufer zona va 50 ming 418 gektari o‘rta zona hisoblanadi.

Biosfera rezervatida bugungi kunda 826 bosh Buxoro bug‘usi, suv havzasida esa 43 turdagi baliq mavjud. Sudralib yuruvchilarning 11 turi, shuningdek, tulki, shoqol kabi o‘nlab hayvon turlari uchraydi. Bu yerda ekoturizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 6 yo‘nalishda sayohat tashkil etilgan.

Media-sayohat ishtirokchilari Ellikqal’a tumani Navoiy ovulidagi «Bo‘ston straus» fermer xo‘jaligida parvarishlanayotgan tuyaqushlarni borib ko‘rishdi.

– Afrika qit’asida yashovchi bu noyob jonivorlar bizning iqlim sharoitimizga tez moslashdi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Hamdam Saidabdullayev. – Bir yil oldin 5 ta tuyaqush keltirilgan edi. Mutaxassislarning fikricha, bu qushning go‘shti, yog‘i va tuxumi g‘oyatda shifobaxsh. Tuyaqush 2 yoshga to‘lganda tuxum qo‘yadi. Tuxumining og‘irligi 3-4 kilogramm tosh bosadi.

Tuman markazida joylashgan Amir Temur nomidagi Botanika bog‘ida dunyoning turli mintaqalarida o‘sadigan 200 tupdan ziyod daraxt, 200 tupga yaqin buta va 80 dan ortiq turfa gullar parvarishlanadi. Mediatur ishtirokchilari bog‘da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi. Qadimiy yodgorlik – Ayozqal’a me’moriy majmuasini ziyorat qilishdi. «Ayozqal’a-Tur» sayyohlik firmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar mediatur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

Aminboy ORTIQBOYEV


2017-07-06

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika