Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > BIOXILMA-XILLIK INSON UCHUN MUHIM(MI)?

BIOXILMA-XILLIK INSON UCHUN MUHIM(MI)?

Bioxilma-xillik nima? U qay darajada inson hayoti uchun muhim? Bioxilma-xillikni saqlab qolish nima uchun kerak, degan savollarga javob berish bugungi kunda muhim bo‘lib, aholining, ayniqsa yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish tabiatdagi muvozanatni saqlash, uni asrab-avaylashga yordam berishi shubhasiz. Bioxilma-xillik ancha keng miqyosdagi tushuncha bo‘lib, u sayyoramizda mavjud barcha tabiiy tizimlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu tushunchaning uch darajasi farqlanib, u o‘z ichiga barcha o‘simliklar va hayvonlar, shu jumladan turli bakteriyalar va mikroorganizmlarning rang-barangligi, turlardagi genetik materialning rang-barangligi va ularning o‘rtasidagi bioxilma-xillik, ekologik tizimlarning boyligini qamrab oladi.

Bioxilma-xillik mamlakatimizda xalqning iqtisodiy, estetik, sog‘liqni saqlashga oid va madaniy farovonligining muhim manbayi hisoblanadi. Ammo butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani, chunonchi noyob genlar, turlar va ekologik tizimlar yo‘q bo‘lib ketayotgani mamlakatimizga ham tahdid solmoqda. Buning sababi bitta – inson! Inson o‘zi yashab turgan muhitni o‘zgartirib, tabiatdagi ekotizimni izdan chiqardi.

Bugungi kunda yurtimiz bioxilma-xilligini tashkil etuvchi 26 ming tur flora va fauna dunyosi mavjud bo‘lib, shundan 11 ming turdagi o‘simliklar va 15 ming turdagi hayvonlar istiqomat qilishadi. Ammo ularning ko‘pchiligi hozirgi kunda yo‘qolish arafasida turibdi.

Nodira ALIMOVA, «Qalb nuri» NNT rahbari:

– Bioxilma-xillik – odamlar hayoti uchun muhim resurslar manbayi. Uning yovvoyi va xonaki turlaridan biz oziq-ovqat, kiyim-kechak, emak pishirish va uy qurish, mebel yasash uchun yog‘och, tibbiyot, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun materiallar olamiz. Bugungi kunda mazkur muammo dolzarb bo‘lib, insonlarning aksariyat holatlardagi salbiy xatti-harakatlari oqibatida o‘simlik va hayvonot olamining turlari yo‘q bo‘lib ketmoqda. Birgina misol, bugun, farzandlari sababsiz gul yulayotgani, daraxt shoxini sindirayotgani, sakrab ketayotgan qurbaqani bosishi, chumoli inini buzayotganini ko‘rgan ota-ona unga tanbeh bermaydi, bunga befarq qaraydi, zorlanayotgan tabiat nolasini eshitmaydi. Bunday o‘g‘il-qizlar katta bo‘lgach, bundan-da kattaroq jinoyatga qo‘l urishi hech gap emas.

Dilafruz AZAMATOVA, kimyo-biologiya fani o‘qituvchisi:

– Bioxilma-xillikdan olinadigan foydani ikki qismga ajratish mumkin:

Biologik xizmatlar: O‘zbekiston asosan qishloq xo‘jalik mamlakati. Ammo qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish to‘laligicha tabiatga bog‘liq. Bioxilma-xillik maqbul sifatni quvvatlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Biologik turlar rang-barangligi qanchalik oz bo‘lsa, ular shuncha kam xizmat ko‘rsatadi. Bunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi hamda qishloqlardagi hayot uchun tabiiy resurslar sifati past bo‘ladi.

Bugungi kunda respublikada bioxilma-xillikni asrash uchun faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik harakati birgalikda Global Ekologik Jamg‘armaning Kichik Grantlar Dasturi (GEJ KGD) faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Global Ekologik Jamg‘armaning Kichik Grantlar Dasturi (GEJ KGD) hozirgi kunda quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi: 1. Qishloq xo‘jalik va boshqa xil ekinzorlar O‘zbekistonning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlari va muhim biologik turlar yashaydigan joylarga qarab kengayishining oldini olish.

O‘zbekistonning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlari mamlakatda bioxilma-xillikni asrashning o‘zagi hisoblanadi. Shu sababli hozirgi davrda “muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda mavjud bioxilma-xillikni asrash mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Asosiy tahdidlardan biri qishloq xo‘jaligining rivojlanishi, aniqroq aytganda, qishloq xo‘jaligi uchun yangi hududlarning o‘zlashtirilishidir. KGDning vazifasi – bunday kengayishning oldini olish va imkoniyatga qarab, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar atrofidagi hududlarni tiklash yoki muhim biologik turlar yashaydigan joylarni tiklash, ular yovvoyi turlar yashashi uchun maqbul joylarga aylanishiga erishish.

Ma’lumki, foydalaniladigan hududlar mahalliy aholiga daromad manbayi sifatida zarur. Ularni olib qo‘yish mavjud muammoni bartaraf qilmaydi. Shu ma’noda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va muhim biologik turlar yashaydigan joylar atrofidagi foydalanilayotgan hududlarda faoliyatning muqobil turlarini yoki ularda mavjud faoliyat turlariga nisbatan muqobil amaliyotlarni joriy etish muhim vazifa hisoblanadi. Taklif qilinayotgan yangi faoliyat turlari yoki ayni shu faoliyatga nisbatan o‘zgacha yondashuvlar ekologik tizim, muhofaza etiladigan tabiiy hudud yoki muhim biologik turlar yashaydigan joyda amalda foyda keltirishi lozim.

2. Tanazzulga yuz tutgan ekologik tizimlarni, shuningdek bioxilma-xillikning vazifalari va xizmatlarini tiklash va rivojlantirish. Bundan maqsad – bioxilma-xillik obyektlarini asrash va ulardan barqaror foydalanish uchun qulay bo‘lgan mavjud hududlarni tiklash yoki yaxshilashdan iborat bo‘lgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash. Mazkur vazifa hududlar va biologik majmualarni jismoniy tiklashnigina emas, balki ushbu hududlarni boshqarishni yaxshilashni ham nazarda tutadi.

3. Mavjud tabiiy hududlardagi bioxilma-xillikka, shuningdek bioxilma-xillik mahsulotlari va xizmatlariga salbiy ta’sirni kamaytiradigan xo‘jalik faoliyatining har qanday turlarini rivojlantirish. Mazkur vazifa asosan tabiiy sharoitda o‘sadigan yoki yashaydigan bioxilma-xillik resurslaridan foydalanishni hamjamiyatlarning o‘zlari yaratgan resurslar bilan almashtirishga qaratilgan. Boshqacha qilib aytganda, tabiiy sharoitlarda o‘suvchi yoki yashovchi tabiiy biologik resurslar iste’molini qisqartirish uchun KGD loyihalari o‘z o‘xshash resurslarini ishlab chiqarishga qaratiladi. Bundan tashqari, mazkur vazifa oldingi xo‘jalik faoliyatini mahalliy aholini ish bilan ta’minlashning muqobil variantlari bilan almashtirishni ham nazarda tutadi. Mazkur variantlar yanada daromadliroq bo‘lishi va shu bilan bir vaqtda ekologik tizimlarga tiklanish imkoniyatini berishi mumkin. Bunday almashtirishga o‘rmonchilik borasida Nurota loyihasi misol bo‘la oladi. Mazkur konkret misolda yaratilayotgan bog‘lar va o‘rmonzorlar mahalliy aholining o‘rmon mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondiradi, shu tariqa tabiiy o‘rmonlarga tushuvchi yukni kamaytiradi va mahalliy aholiga ancha jiddiy, qo‘shimcha daromad manbayi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Nargis QOSIMOVA


2017-05-16

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika