Hodisalar

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


CHIQINDILAR KELAJAK KUSHANDASI

Jamiyatimiz rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan, atrof-muhitga va aholi salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan ekologik muammolardan biri chiqindilar masalasi bo‘lib, bugungi kunda chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirishi natijasida tabiatga, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklariga xavf tug‘dirmoqda. Bunday sharoitda, hosil bo‘layotgan chiqindilarni to‘plash, saqlash, tashish, yo‘q qilish, ko‘mib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, ularni turlarga ajratish, qayta ishlash masalasi ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Shu masalalar haqida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Yersuvnazorat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari No‘monjon SHAKIROV bilan suhbatlashdik.

– Bugun chiqindi muammosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biridir. Bu boradagi ishlar haqida to‘xtalsangiz.

– Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bir kunda dunyo aholisi bir yilda o‘rtacha 453 kg. chiqindi tashlaydi. O‘zbekiston bo‘yicha bir kunda mamlakatimiz aholisi 37 mln.440 ming kilogramm chiqindi chiqarib tashlaydi. Dunyo bo‘yicha bu 5 mlrd.754 mln. kilogrammni tashkil etadi va faqat uning 30 foizigina qayta ishlanadi. Chiqindilar turli xil qimmatbaho metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, yerga o‘g‘it bo‘la oladigan oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat.  Albatta ularning ichida ko‘plab xavfli chiqindilar ham mavjud: batareykalar ichidagi simob, lyuminissent lampalardagi fosfor-karbonatlar va maishiy eritmalardagi toksik kimyoviy moddalar, buyoqlar, yog‘och buyumlarni asrash uchun ishlatiladigan turli xil kimyoviy qoplamalar. Chiqindilarni qayta ishlash bugungi kun talabidir.

Chiqindilarni qayta ishlash bir necha barobarga elektr energiya va suvdan foydalanishni kamaytiradi. Masalan, alyuminiyni boksit o‘rniga chiqindidan ajratib olish elektr quvvatining sarfi va atrof-muhit ifloslanishini 95 foizga kamaytiradi. Makulaturadan qog‘oz olish esa nafaqat daraxtlar kesilishidan asraydi, balki elektr quvvatining sarfini to‘rtdan uch qismga kamaytiradi. Ya’ni 1 tonna qog‘ozni qayta ishlab chiqarishga uni yog‘ochdan tayyorlash uchun ketadigan suvning yarmi sarf bo‘ladi, xolos. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

– Rivojlangan mamlakatlarda qattiq maishiy chiqindilarning ko‘p qismi ikkilamchi xomashyo sifatida qayta ishlash sanoati uchun foydalanilmoqda. Demak, chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqarishning yangi tarmog‘ini rivojlantirish, muammoni hal etishning eng muqobil yo‘llaridan biri hisoblanadi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda chiqindilarni utilizatsiya qiladigan va qayta ishlaydigan korxonalar barmoq bilan sanarli. Bu sohani rivojlantirish uchun ishlab chiqarishga kamchiqimli texnologiyalarni olib kirish, chiqindilarni utilizatsiya qiladigan va qayta ishlaydigan korxonalarni tashkil etish lozim.

So‘nggi yillarda respublikamizda yiliga 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi (uning 1,2 foizi I va II toksik chiqindilar toifasiga mansub), 14,5 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Chiqindixonalar va chiqindi saqlash omborxonalarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindi saqlanayotgani hamda ular 12 ming gektar maydonni egallab turganini inobatga olsak, chiqindilarning salbiy ta’sirini tasavvur etish qiyin emas.

Bugungi kunda mamlakatimizda 280 tadan ortiq korxonalar qog‘oz, plastik, rezina, shisha, metall va boshqa ikkilamchi chiqindilarni qayta ishlamoqda.

Tibbiyot chiqindilari atrof-muhit va uning deyarli barcha elementlari – suv, havo, tuproq, oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishi sababli aholi orasida nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri, balki bilvosita infeksion va noinfeksion kasalliklarning tarqalishi xavfini tug‘diradi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga qaraganda, 1170 ta davolash muassasalarida bir kunda 300 tonnaga yaqin tibbiy chiqindilar paydo bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xomashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi uning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shimoliy Yevropa mamlakatlarida allaqachon chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan, natijada qog‘oz, plastik, alyuminiy kabi xomashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi. Bu jarayonning ekomuhitga ijobiy ta’siri juda katta.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada rezina va kabel buyumlarining 34 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi, qog‘oz va kartonning 54 foizi chiqindini qayta ishlash evaziga olinarkan. Bu borada Xitoy tajribasi yanada hayratlanarli. Ular alyuminiy, temir, mis kabi metallardan yasalgan buyumlarning 33 foizini, jun, ipak, charm-attorlik buyumlarining 34 foizini turli chiqindilarni qayta ishlashdan olishadi.

– Bugun chiqindi hatto, ozon qatlamini ham yemiradi, degan gaplar bot-bot takrorlanyapti. Shu rostmi?

– To‘g‘ri. Chiqindilar bevosita ozon qatlamiga salbiy ta’sir qiladi. Masalan, biz foydalanadigan aerozol idishlar (havo tozalovchi, dezodarant va hokazo) tarkibida stratosferada ozonni yemiradigan moddalar mavjud. Ozon qatlamining yemirilishi odamlarda saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Chiqindilarni qayta ishlash bugungi kunda mazkur muammoni qisman bo‘lsada hal etadi. Afsuski, aholining aksariyat qismi qayta ishlangan chiqindidan tayyorlangan buyumlarni sog‘liqqa zarar deb bilishadi. Aynan ana shunday noto‘g‘ri qarash chiqindini qayta ishlashga to‘sqinlik qilmoqda.

So‘nggi yillarda plastik yetakchi o‘ringa chiqdi. Plastikni boshqa materiallar bilan qo‘shilgan holatda ishlab chiqarish uning yaroqlilik muddatini uzaytiradi. Boshqa materiallardan farqli o‘laroq, u nur va bakteriyalar ta’sirida deyarli parchalanmaydi. Uning yo‘q bo‘lishi uchun 200 yil kerak. Bundan tashqari, undagi xlor birikmalari atmosferaga chiqqanida, quyosh nurlari undan xlor atomlarining ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Xlor ozon qatlamini yemiruvchi kimyoviy moddalardan biridir. Agarda uning atmosferaga chiqib ketish miqdori oshsa, yerga tushayotgan ultrabinafsha nurlarning ko‘payishi, o‘z navbatida teri va onkologik kasalliklar sonini ortishiga olib kelishi muqarrar. Ayni paytda biologik jihatdan parchalanadigan plastik turini ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

– So‘nggi paytlarda elektron chiqindilar, degan tushuncha paydo bo‘ldi. Bu, yangi bir ekologik muammomi yoki taraqqiyot hosilasimi?

Bugun elektron chiqindilar, allaqachon insoniyat oldida turgan yangi ekologik muammoga aylanib ulgurdi. Har yili yer yuzida 2 million tonnaga yaqin elektron chiqindi paydo bo‘ladi. Afsuski, bu chiqindilarning faqat oltidan bir qismi qayta ishlanadi, xolos.

Garchi o‘z muddatini o‘tagan texnika vositasi barcha qattiq maishiy chiqindilarning taxminan 5 foizini o‘z ichiga olsa-da, mazkur chiqindi turi atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligiga g‘oyatda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, birgina mobil aloqa vositasi 500 tadan 1000 tagacha turli qismlardan tashkil topgan. Ularning ko‘pchiligi zaharli og‘ir metallar – qo‘rg‘oshin, simob, kadmiy, berilliy kabi xavfli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga oladi.

Biroq, barcha aybni mobil aloqa vositalariga ag‘darish ham to‘g‘ri emas. Tadqiqotchilarning fikricha, elektron chiqindilarning 60 foizini maishiy texnika qurilmalari: 18,8 million tonna muzlatkich, kir yuvish mashinalari; 12,8 million tonna mikroto‘lqinli pechlar, tosterlar elektron chiqindilarning yangi-yangi tog‘larini bunyod etmoqda. Mutaxassislar bunday chiqindilar miqdori ko‘payib borayotganini elektron uskunalar ishlab chiqarish sohasining jadal rivojlanayotgani, iste’molchilar o‘z telefon va smartfonlarini tez-tez almashtirayotgani, eskilarini esa tashlab yuborayotgani bilan bog‘lashmoqda.

Aholi jon boshiga eng ko‘p chiqindi tashlanadigan mamlakatlar reytingida Norvegiya peshqadam hisoblanadi. Mamlakatda har bir fuqaroga o‘rtacha 28 kilogramm yillik elektron chiqindi to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatdagi keyingi o‘rinlarda Shveysariya, Islandiya va Daniya turadi.

       Mamlakatimizda ham chiqindilar to‘planishi muammosi mavjud bo‘lib, ularni qayta ishlash bilan sanoqli korxonalar shug‘ullanadi, xolos. Ana shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va “Toshrangmetzavod” aksiyadorlik jamiyatining O‘zbekiston Respublikasida aholining ekologik faolligini oshirish, qattiq maishiy va elektron chiqindilarni utilizatsiya qilishga yo‘naltirilgan atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar Dasturi” ishlab chiqildi.

«Toshrangmetzavod» AJ rangli metallarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida ixtisoslashgan yagona korxona bo‘lib, unda zamonaviy asbob-uskunalar, eng yangi ilg‘or texnologiyalar va yuqori malakali xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Zavod rangli metall parchalari va chiqindilarini yig‘ish, rangli metallarga birlamchi ishlov berish, ishdan chiqqan qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlarni to‘plash va ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. 2016-yilda mazkur korxona tomonidan 180 tonna elektron chiqindilar qayta ishlandi.

Bugun, aholi, korxonalar, turli tashkilotlardan xomashyoni yig‘ib olish va qayta ishlash texnologiyalar tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Yurtimizda elektron uskuna va maishiy texnikalardan foydalanish sur’atining o‘sib borishi, elektron chiqindilarning to‘planishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday chiqindilarning kichik bir ulushigina qayta ishlanadi, xolos, qolgan qismi axlatxona, chiqindi poligonlariga tashlab yuboriladi.

– No‘monjon aka, so‘nggi savolim. Bugun Toshkent shahrida chiqindilar tashlash uchun mo‘ljallangan axlat qutilari soni qancha, ularni o‘rnatish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

– Qo‘mitamiz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda Toshkent shahri ko‘chalari, xiyobonlar, maydonlariga axlat qutilarini joylashtirish hamda nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi Shahar markaziy ko‘chalaridan foydalanish, ularni saqlash va ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan boshqarmasi balansidagi shahar jamoat transporti qatnaydigan 78 ta ko‘chada oraliq bekatlari 402 ta, Tuman obodonlashtirish boshqarmalari balansidagi 230 ta ko‘chalarda oraliq bekatlari 598 ta bo‘lib, ularning jami uzunligi 648,4 kilometrni va oraliq bekatlar soni 1000 tani tashkil etmoqda.

Toshkent shahri hududidagi chiqindilarni olib chiqib ketish uchun Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan boshqarmalar va Tuman obodonlashtirish boshqarmalari hozirgi vaqtda 113 dona traktor, 281 dona pritsep va 120 dona avtomashina (chiqindi tashuvchi, samosval va bortli)lar bilan ta’minlangan.

Chiqindi tashlash qutilarini o‘rnatish oraliq masofasi kommunal xo‘jalik xizmatlari tomonidan mustaqil belgilanadi va aholi gavjum joylarda har 50 metrda, aholi kam qatnaydigan joylarda ko‘pi bilan har 100 metrda o‘rnatilishi belgilangan. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, Toshkent shahri bo‘yicha axlat qutilariga bo‘lgan ehtiyoj 12228 dona bo‘lib, bugungi kunda shulardan 7414 tasi o‘rnatildi.

Toshkent shahar hokimining 2015-yil 3-sentyabrdagi farmoni bilan Markaziy avariya dispetcherlik xizmati korxonasiga chiqindi tashlash qutilarini tayyorlash uchun zarur materiallar xarid qilishga 100,0 mln.so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur mablag‘dan 3100 dona axlat qutilari tayyorlashga buyurtma berildi, 2016-yilda Toshkent shahriga 3090 dona axlat qutisi o‘rnatildi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

 

Anvar SHEROV suhbatlashdi


2017-01-10

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika