Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > TABIAT MULKINI ASRASH – MUQADDAS BURCHIMIZ

TABIAT MULKINI ASRASH – MUQADDAS BURCHIMIZ

Sayyoramizda hayot bardavomligi, aholi turmush farovonligi bevosita tabiat va uning ne’matlariga bog‘liq. Shu bois azal-azaldan yer, suv va havoni ifloslantirmaslik oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, o‘simlik va hayvonot olamidan o‘z o‘rnida, me’yorida foydalanilgan. Biroq tabiat mulkining inson manfaatlari yo‘lida haddan ziyod ko‘p tassarruf qilinishi, sanoat korxonalari tomonidan atmosferaga zararli moddalarning chiqarilishi tabiiy muvozanatning buzilishiga, ekologik muammolar umumbashariy tus olishiga sabab bo‘ldi.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu, eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Bosh Qomusimizning 50-moddasida shunday deyiladi: “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”.

Shu va tabiatni muhofaza qilishga doir boshqa qonunlar va me’yoriy hujjatlarning izchil ijrosi ta’minlanayotgani bioxilma-xillikni saqlash, noyob turlarni ko‘paytirish imkonini bermoqda. 2016-yilning 19-sentabrida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Avvalo, aytish joizki, ushbu hujjat ekologik muhit barqarorligini ta’minlash, faunaning kamayib ketgan turlarini asrash va ko‘paytirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirishga keng yo‘l ochib berdi. Chunki mavjud qonun takomillashtirilib, qo‘shimcha moddalar bilan to‘ldirildi. Ilgari u 28 ta moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagisi o‘z ichiga 6 ta bob, 53 ta moddani qamrab oldi. Xususan, Qonunning 3-moddasiga “yovvoyi hayvonlar”, “yovvoyi hayvonlarning yashash faoliyati mahsulotlari”, “zoologiya kolleksiyasi”, “hayvonot dunyosi”, “hayvonot dunyosini muhofaza qilish”, “hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlar” kabi asosiy tushunchalar kiritilgani ayni muddao bo‘ldi.

Hujjatning 4-moddasida hayvonot dunyosi umummilliy boylik bo‘lib, undan oqilona foydalanish lozimligi, u davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu modda davlat va yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki masalasi bilan bog‘liq yangi normalar bilan boyitildi. Ya’ni, unga ko‘ra, tabiiy erkinlik holatida yashayotgan, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan yovvoyi hayvonlar davlat mulki hisoblansa, yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqinlikda saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilgan yovvoyi hayvonlar yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lishi mumkin.

Biogeografik o‘lkalar tutashgan mintaqada joylashgan O‘zbekiston florasi nihoyatda rang-barang. Yurtimizda 15 mingdan ziyod umurtqasiz hayvonlar, 709 turdagi umurtqali hayvonlar, shu jumladan, 109 turdagi sut emizuvchilar, 470 turdagi qushlar, 64 turdagi sudralib yuruvchilar, 63 turdagi baliqlar va 3 turdagi amfibiyalar mavjud. Ularning aksariyati faqat bizning o‘lkamizga xos ekanligi bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Tabiatda har bir tur tarixan takrorlanmas, genetik jihatdan yagona hisoblanadi. Yo‘qolganlarini  qayta tiklashning esa sirayam iloji yo‘q. Shuning uchun mamlakatimizda hayvonot olamining kamayib ketayotgan turlarini asrab qolish va ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, 184 tur O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilib, alohida muhofaza ostiga olingan.

Qonunning “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasini tartibga solish” deb nomlangan 2-bobida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat siyosati va boshqaruvining asosiy yo‘nalishlari, davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida vakolatlari o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni ta’minlashda ishtirok etishi bo‘yicha normalar belgilab qo‘yildi. Bu esa sohaga oid chora-tadbirlarni amalga oshirishga jamiyatning barcha qatlamini keng jalb etish, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, albatta.

Yangi tahrirdagi Qonunda hayvonot dunyosini muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarning aniq yo‘llari ko‘rsatilgani diqqatga sazovor. Ya’ni hayvonot dunyosi obyektlarini davlat hisobiga olish, ularning davlat kadastrini yuritish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi turlarini muhofaza qilish, tabiiy yashash muhitidan ajratib olish, yovvoyi hayvonlar, shuningdek, ularning qismlari, yashash faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, o‘ljalar va tulumlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki olib chiqish, hayvonot dunyosi monitoringi hamda undan foydalanishda nazoratni kuchaytirish tartibi belgilangan.

Shu bilan birga, unda hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ov qilish, yovvoyi hayvonlarni yangi joylarga ko‘chirish, iqlimga moslashtirish, ulardan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va veterinariya maqsadlarida foydalanish va boshqa masalalar ham o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilishga doir qonunlar tobora takomillashtirilib, ularning ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilgani tufayli keyingi paytlarda tizimda muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Eng asosiysi, hayvonot dunyosi tabiiy ko‘payadigan maydonlarni saqlab qolish, qo‘riqxonalar maydonlarini kengaytirishga erishilmoqda. Pirovardida milliy hamda xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan, yo‘qolish ehtimoli bor hayvonot turlarini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘linayapti. Masalan, o‘ta kamyob bo‘lib qolgan qor qoploni, ayiq, silovsinning bosh sonlari barqarorlashdi. Shuningdek, “Qizil kitob”ga kiritilgan  jayron, qulon, Prejivalskiy otlari, Buxoro qo‘ylari soni ancha ortdi.

2016-yil kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni esa sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, uni sifat jihatdan yuqori bosqchga ko‘tarishga qaratilgan. Uning izchil ijrosi mamlakatimiz hududida yovvoyi hayvonlarning, ayniqsa, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarni, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llari, yashash muhiti va urchish joylarini saqlash, jonivorlarning xavfsizligini ta’minlash masalalarini hal etish imkonini beradi. Zero, hayvonot dunyosi – milliy boyligimizning bir bo‘lagi, ta’bir joiz bo‘lsa, ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan ulkan merosdir. Asrlar osha yetib kelayotgan tabiat ne’matlarini, o‘z navbatida, kelajak avlodga bezavol yetkazish esa har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi.

 

Bakit BURABAYEV,

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi

“Davbionazorat” inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i.


2017-01-06

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika